Ayol va bola himoyasi — jamiyat kelajagining kafolati
Sirdaryo viloyat bojxona boshqarmasida ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olishga qaratilgan muhim tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xotin-qizlar faollari, bojxona xodimlari hamda yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimizda ayollar va bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani alohida ta’kidlandi. Shu nuqtai nazardan, qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar bu borada mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgani qayd etildi.

Mutaxassislar tomonidan oilalarda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, muammolarni barvaqt aniqlash va ularni joyida hal etish muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Shuningdek, huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan biri sifatida e’tirof etildi.
Yig‘ilishda erta nikoh va majburiy turmush kabi salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi, bunday huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda qat’iy javobgarlik belgilangani alohida urg‘ulandi. Qiz bolalarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va mustaqil hayotga tayyor bo‘lishi esa jamiyat taraqqiyotining muhim omili sifatida baholandi.

Shu bilan birga, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, mahalla, ta’lim muassasalari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar bildirildi.
– Bu kabi tadbirlar ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, bu orqali aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida huquqiy tushunchalarni mustahkamlashga erishiladi. Huquqiy targ‘ibot ishlarini tizimli ravishda olib borish, muammolarni barvaqt aniqlash va ularga o‘z vaqtida yechim topish bu borada samaradorlikni yanada oshiradi, – deydi Adliya boshqarmasi huquqiy axborot shu’basi boshlig‘i Iroda Muhammadiyeva.

Tadbir yakunida qayd etilganidek, ayol va bola himoyasiga qaratilgan ishlar samaradorligi, eng avvalo, davlat idoralari va jamoatchilikning hamjihat faoliyatiga bog‘liq. Zero, ayol va bola huquqlarini ta’minlash jamiyat kelajagini barpo etishning eng muhim shartidir.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri