Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zA ning xorijiy hamkorlari tomonidan Yangi O‘zbekistonga oid yangiliklar va fikrlar taqdim etiladi. Mamlakatimizdagi ijtimoiy islohotlar, xalqaro hamkorlik, texnologik diplomatiya, madaniy aloqalar va investitsiya loyihalari yoritib boriladi.
Bolgariya telegraf agentligi Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazida o‘tkazilgan texnologik diplomatiya bo‘yicha Osiyo simpoziumi haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Texnologik diplomatiya global instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbir Texnologik diplomatiya bo‘yicha Samarqand deklaratsiyasi qabul qilinganining bir yilligiga bag‘ishlandi. Mazkur deklaratsiya 2025-yil 1-noyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi doirasida qabul qilingan edi.
Simpoziumda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, akademik doiralar, fuqarolik jamiyati instituti va yoshlar tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Davra suhbatlarida mintaqaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, texnologik diplomatiya vositalaridan samarali foydalanish va kelgusi tashabbuslar muhokama qilindi.

Turkiyaning “Anadolu” axborot agentligi Turkiya adolat va taraqqiyot partiyasi raisi o‘rinbosari, turkiy davlatlar bilan aloqalar uchun mas’ul Kurshod Zorluning o‘zbek alifbosi haqidagi fikrlarini e’lon qildi.
Partiya rais o‘rinbosari o‘z bayonotida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga kiritilgan o‘zgarishlar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyeyov tomonidan 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni imzolanib, kuchga kirganidan mamnunligini bildiradi.
Yangilangan alifbo turkiy olam doirasida umumiy alifboni yaratish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi.

Ozarbayjonning “Azertaj” agentligi Qarshi shahridagi Osiyo texnologiyalar universitetida O‘zbekiston-Ozarbayjon do‘stlik markazi tashkil etilgani haqida xabar berdi.
Markaz Ozarbayjon Milliy fanlar akademiyasining Nizomiy Ganjaviy nomidagi Adabiyot instituti tashabbusi bilan ochildi. Ochilish marosimida universitet rahbariyati, ikki mamlakat ilmiy va ta’lim muassasalari vakillari, olimlar va ijodkorlar ishtirok etdi.
Maqolada qayd etilishicha, markaz O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining mushtarak ildizlari va milliy qadriyatlarini targ‘ib qilishga hamda ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida aloqalarni rivojlantirishga yordam beradi.

Pokistonning “Associated Press of Pakistan” agentligi Samarqandda bolalar farovonligiga investitsiya mavzusidagi Butunjahon sammitning boshlangani haqida xabar beradi.
Qayd etilishicha, sammitda bolalar salomatligi, ta’limi, ovqatlanishi va ijtimoiy himoyasiga yo‘naltiriladigan davlat mablag‘lar hajmini oshirish, shuningdek, bolalar manfaatlarini hisobga oluvchi byudjetlashtirish va barqaror moliyalashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Maqolada bolalarni qashshoqlik, zo‘ravonlik va ijtimoiy yakkalashdan himoya qilish, nogironligi bo‘lgan bolalarning imkoniyatlarini kengaytirish va raqamli muhitda xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Orash Akaboyev, O‘zA