Axborot hamkorlarimiz nigohida – Yangi O‘zbekiston
Mazkur ruknda O‘zAning xorijiy hamkorlari sahifalarida e’lon qilinayotgan Yangi O‘zbekistonga oid xabar, kuzatuv va baholar berib boriladi. Bu jarayon mamlakatimizdagi islohotlar, xalqaro hamkorlik, madaniy merosni asrash va qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish borasidagi ishlar xalqaro axborot makonida qanday aks etayotganini ko‘rsatadi.
“Sinxua”: Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari arxeologiya va madaniy merosni asrash sohasida hamkorlik qilmoqda

Xitoyning Sinxua axborot agentligi Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida arxeologiya hamda madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik haqida reportaj e’lon qildi.
Materialda Navoiy viloyatidagi qadimiy qabristonda O‘zbekiston va Xitoy olimlari olib borayotgan qo‘shma tadqiqotlar alohida yoritilgan. Dastlabki xulosalarga ko‘ra, ushbu obida miloddan avvalgi II asrdan milodiy II asrgacha bo‘lgan davrga tegishli. Mazkur ilmiy loyiha Pekin universitetining Arxeologiya va muzeyshunoslik maktabi hamda Samarqand arxeologiya instituti tomonidan 2025-yilning avgust oyidan buyon muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
BTA: O‘zbekiston va Iordaniya ikki tomonlama kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytiradi

Bolgariya telegraf agentligi O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Iordaniya parlamenti Quyi palatasi raisining o‘rinbosari Xamis Atiye bilan uchrashgani haqida xabar berdi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, ilm-fan, ta’lim va turizm sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalasi muhokama qilingan. Jumladan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bilan Iordaniyadagi sayyohlik manzillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish imkoniyatiga e’tibor qaratilgan.
“Kabar”: Qirg‘iziston va O‘zbekiston parlamentlararo aloqalarni mustahkamlamoqda

Qirg‘izistonning “Kabar” milliy axborot agentligi Jogorku Kenesh Raisi Marlen Mamataliyev O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashgani haqida xabar berdi.
Muloqotda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish, parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan. Marlen Mamataliyev parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi ikki davlat munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlagan.
Sodiq Safoyev esa O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy yilda Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma imzolanganini qayd etgan. Ushbu hujjat hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratayotgani ta’kidlangan.
WAM: Nukusda barqaror qishloq xo‘jaligi bo‘yicha xalqaro o‘quv dasturi yakunlandi

Birlashgan Arab Amirliklarining WAM axborot agentligi xabar berishicha, Xalqaro sho‘rlangan yerlarda qishloq xo‘jaligi markazi Dubay va O‘zbekistonda o‘tkazilgan o‘quv-amaliy dasturni yakunladi.
Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi moliyalashtirgan ushbu dastur O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Dasturning 21–23-sentabr kunlari Dubayda o‘tkazilgan birinchi bosqichida O‘zbekistondan 10 nafar mutaxassis qishloq xo‘jaligi va baliqchilikni birlashtirgan tizimlarni boshqarish bo‘yicha bilim oldi.
5–6-oktabr kunlari Nukusda tashkil etilgan ikkinchi bosqichda esa 16 nafar ishtirokchi baliqchilik, ekin yetishtirish va spirulina ishlab chiqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi.
Nashr ta’kidlashicha, dastur mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Dilshod HAKIMOV,
O‘zA