Avtomashina xatlanib, savdoga chiqarildi
Guliston tumanlararo iqtisodiy sudining qaroriga asosan qarzdor “B.G.” MCHJdan undiruvchi “Ipoteka bank” foydasiga 1 milliard 800 million so‘m kredit qarzdorligini undirish maqsadida amalga oshirilgan ijro harakatlari natijasida “HOHAN” rusumli yuk avtomashinasi xatlanib, 360 million so‘m boshlang‘ich narxda elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarildi.
Majburiy ijro byurosining Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida qarzdor korxonaga tegishli mol-mulklar o‘rganilib, qarzni qoplashga qaratilgan qonuniy choralar ko‘rildi. Natijada, undiruv jarayonida mazkur transport vositasi aniqlanib, xatlovga olindi va belgilangan tartibda baholandi.
Qonunchilikka muvofiq, qarzdorlikni undirish bo‘yicha sud qarori ijrosini ta’minlash bank va boshqa kredit tashkilotlarining huquqlarini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi. Sud qarori ijro etilishi esa Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan ta’minlanadi.
– Shu o‘rinda eslatib o‘tish joiz, – deydi Byuroning viloyat boshqarmasi xodimi Akbar Mo‘minov. – Kredit mablag‘lari tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va iqtisodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘lib, uni o‘z vaqtida qaytarish qarz oluvchining qonuniy majburiyati hisoblanadi. Majburiyat bajarilmagan hollarda esa qonunchilikka muvofiq sud va ijro organlari orqali undiruv choralari qo‘llaniladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri