Avtobusda yo‘l haqini to‘lamaganlarga jarima 10 baravarga oshirilishi taklif etilmoqda
1-sentabrdan shahar avtobuslarida yo‘l haqini avtobusga chiqish bilanoq to‘lash talab etiladi.
2026-yil 1-sentabrdan brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritayotgan shahar avtobuslarida yo‘l haqini to‘lash tartibi o‘zgaradi. Yangi tartibga ko‘ra, yo‘lovchi avtobusga chiqishi bilan yo‘l haqini to‘lashi shart.
Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, brutto-shartnoma mexanizmida tashuvchining daromadi yo‘lovchilar soniga qarab emas, balki shartnomada belgilangan tarif va ko‘rsatilgan transport xizmati hajmi asosida davlat yoki buyurtmachi tomonidan to‘lanadi.
Shu sababli 1-sentabrdan «avtobusdan tushayotganda to‘layman» tartibi amal qilmaydi. Yo‘lovchi avtobusga chiqqandan keyin yo‘l haqini to‘lamasa, u chiptasiz harakatlanayotgan deb hisoblanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-iyundagi 276-son qaroriga muvofiq, yo‘l haqini to‘lamagan yo‘lovchilarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi asosida chora ko‘riladi.
Yo‘lovchining yo‘l haqini to‘lagan yoki to‘lamagani nazoratchilar tomonidan maxsus planshetlar orqali tekshiriladi. Buning uchun transport yoki ijtimoiy karta, bank kartasi planshetga yaqinlashtirilib, to‘lov amalga oshirilgani aniqlanadi.
Yo‘l haqini transport yoki ijtimoiy kartani validatorga tekkizish, bank kartasi, smartfon, boshqa kontaktsiz to‘lov vositalari orqali to‘lash mumkin. Jarima 10 baravarga oshirilishi mumkin. Ayni paytda chiptasiz yurish uchun jarimani oshirish bo‘yicha takliflar Qonunchilik palatasiga kiritilgan.
Unga ko‘ra, yo‘l haqini birinchi marta to‘lamaganlik uchun BHMning 0,5 baravari — 220 ming so‘m, takroran sodir etilganda esa 1 BHM — 440 ming so‘mgacha jarima belgilanishi taklif etilmoqda. Shu tariqa, yo‘lovchilardan avtobusga chiqishlari bilan yo‘l haqini to‘lash va to‘lovni tasdiqlovchi vositalardan to‘g‘ri foydalanish talab etiladi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA