Avf — yangi hayot sari berilgan imkoniyat
Insonga berilgan ikkinchi imkoniyat ba’zan uning butun hayotini o‘zgartiradi. Muhimi, bu imkoniyatni qanday qadrlash va undan qanday foydalanishda. Bugun mamlakatimizda inson qadri, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xatosini anglagan insonga to‘g‘ri yo‘lga qaytish uchun imkoniyat yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Buxoroda Prezidentimizning tegishli Farmoni asosida avf etilgan fuqarolar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot ham ana shu ezgu tamoyilning hayotiy ifodasi bo‘ldi.
Unda viloyat hokimi Botir Zaripov, viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov, Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Ikromjon Tursunov hamda mutasaddi rahbarlar ishtirok etib, avf etilgan fuqarolar bilan ochiq va samimiy muloqot qilishdi. Ularning hayotiy muammolari, taklif va istaklarini tinglashdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning markazida inson, uning qadri, sha’ni va huquqlari turibdi. Ayniqsa, qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan, xulosa chiqarishga va jamiyatga qaytishga tayyor insonlarga yana bir imkoniyat berish — insonparvarlik va bag‘rikenglikning yuksak namunasidir.
Avf — sodir etilgan xatoni oqlash emas. Aksincha, u insonga o‘z xatosini anglash, hayotini qaytadan to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, oilasi bag‘riga qaytish va jamiyatda munosib o‘rin egallash uchun berilgan katta imkoniyatdir.
Muloqotda so‘z olgan viloyat hokimi avf etilgan fuqarolar endi jamiyatning to‘laqonli a’zolari ekanini ta’kidlashdi. Ularning zimmasida esa bu ishonchni oqlashdek yuksak mas’uliyat turganini qayd etdi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan sizlarga yana bir imkoniyat berildi. Bu ishonchni oqlash, ozodlikning qadriga yetish, oila va jamiyat oldidagi mas’uliyatni his etib yashash — eng muhim vazifa, — dedi Botir Zaripov.
Bu so‘zlar zamirida katta ma’no mujassam. Chunki inson hayotida ba’zan birgina xato uning taqdirini o‘zgartirishi mumkin. Ammo xatoni tan olish, undan xulosa chiqarish va yangi hayot sari dadil qadam tashlash uchun imkoniyat berilsa, bu imkoniyatni qadrlashning o‘zi ham katta jasoratdir.
Uchrashuvda avf etilgan fuqarolarning jamiyat hayotiga tezroq moslashishi, doimiy ish bilan ta’minlanishi, kasb-hunar egallashi, oilasi bag‘rida tinch va munosib hayot kechirishi uchun zarur ko‘mak ko‘rsatilishi alohida ta’kidlandi.
Zero, insonni jamiyatga qayta olib kirishning eng samarali yo‘llaridan biri — uning bandligini ta’minlash, mehnat qilish imkoniyatini yaratish va o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun sharoit hozirlashdir.
Kasb egallagan, halol mehnat orqali oilasini boqayotgan, farzandlariga namuna bo‘layotgan inson kechagi xatosidan uzoqlashib, bugungi hayotini mazmunli qurishga intiladi. Shu bois muloqotda kasb-hunar o‘rganish, tadbirkorlik va mehnat faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Viloyat prokurori Ulug‘bek Hamdamov yurtimizda qonun ustuvorligi va javobgarlikning muqarrarligi tamoyillari qat’iy ta’minlanayotganini ta’kidlar ekan, insonparvarlik tamoyili asosida berilgan avfni oqlash har bir fuqaroning yuksak mas’uliyati ekanini qayd etdi.
Muloqot davomida ishtirokchilarga huquqbuzarlik va jinoyat sodir etishdan tiyilish, oilasi bag‘rida tinch-totuv yashash, halol mehnat qilish, farzandlar tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashish va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish zarurligi tushuntirildi.
Uchrashuvning eng muhim jihatlaridan biri — avf etilgan fuqarolarning muammolari shunchaki tinglanibgina qolmasdan, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilanganidir.
Viloyat hokimi har bir fuqaro bilan yakka tartibda suhbatlashib, ularning kelgusi rejalari, ish bilan ta’minlanishi, kasb-hunar o‘rganishi va ijtimoiy hayotga moslashishi bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi.

Fuqarolar o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaat qilib, ishga joylashish, chorvachilik va hunarmandchilik faoliyatlarini yo‘lga qo‘yish uchun amaliy yordam so‘rashdi. Bildirilgan har bir murojaat qayd etildi va ularni hal etish bo‘yicha mas’ul rahbarlarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Bu esa davlat idoralari faoliyatida inson omili, uning ehtiyoji va taqdiriga e’tibor tobora kuchayib borayotganidan dalolat beradi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri