Asossiz to‘lovlar, sifatsiz xizmatlar: iste’molchilar huquqlari qanchalik himoyalanmoqda?
Gaz, elektr va suv — aholining kundalik hayoti uchun eng zarur xizmatlar.
Biroq, kommunal xizmatlar sohasida asossiz qarzdorlik hisoblash, sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berish, gazni belgilangan tartibda taqsimlamaslik va tariflarni shakllantirishda qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yish kabi holatlar hali ham uchramoqda.
Eng tashvishlisi, iste’molchilar o‘z haq-huquqlarini himoya qilish uchun murojaat qilishga, ba’zan esa o‘zlari to‘lamagan qarzdorlikni ham isbotlashga majbur bo‘lmoqda. Bu esa kommunal xizmatlar sohasida nazorat, shaffoflik va mas’uliyatni yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida qator qonunbuzilishlar aniqlandi.
Jumladan, elektr ta’minotida qonunga zid rasmiylashtirilgan dalolatnomalar bekor qilinib, iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitoblar amalga oshirildi.
Sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berilgani, asossiz gaz qarzdorligi hisoblangani, suyultirilgan gazni taqsimlashda belgilangan talablarga rioya etilmagani hamda suv tariflarini shakllantirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Natijada ayrim holatlarda yuqori qiymatdagi asossiz daromad aniqlanib, mas’ul tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
Albatta, qonunbuzilishlarni aniqlash va asossiz undirilgan mablag‘larni iste’molchilarga qaytarish ijobiy natija. Biroq asosiy masala — nega bunday holatlar yuzaga kelayotgani va ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslikda. Zero, muammoning oqibatini bartaraf etish bilan cheklanish emas, uning sabablarini aniqlash, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar mas’uliyatini oshirish va samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish muhim.
Iste’molchi har bir so‘m uchun haq to‘lar ekan, evaziga sifatli xizmat va adolatli hisob-kitob olishi shart. Fuqarolar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun doim shikoyat qilishga majbur bo‘lmasligi, qonuniy manfaatlari esa har qanday vaziyatda ta’minlanishi kerak.
Nigora Rahmonova,
O‘zA muxbiri