Askarlar ota-onalari bilan onlayn muloqot qildi
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug boshqaruv apparati Madaniyat saroyida Qashqadaryo viloyati hokimligi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida “Askar ota-onalarini sharaflaymiz!” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida telemuloqot orqali Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida joylashgan harbiy qismda Farg‘ona viloyatidan kelib muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar o‘z ota-onalari va yaqinlari bilan, shuningdek, Farg‘ona viloyatida xizmat qilayotgan qashqadaryolik askarlar esa Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugiga taklif etilgan yaqinlari bilan ko‘rishib, suhbatlashish imkoniga ega bo‘ldi.
Telemuloqot jarayonida ota-onalar farzandlarining xizmatda toblanib, kamol topayotgani, ularning yuz-qiyofasi va munosabatlaridagi o‘zgarishlar orqali ma’naviy jihatdan ulg‘ayib borayotganini his etdi. Bu holat yaqinlar qalbida sog‘inch bilan birga faxr tuyg‘ularini ham uyg‘otdi.
Samimiy muloqot davomida mehmonlar farzandlarining xizmat faoliyati va yashash sharoitlari bilan qiziqib, ularga ishonch bildirishdi hamda Vatan oldidagi burchni sidqidildan ado etish zarurligini ta’kidlashdi. Har ikki hududda ham askarlar ota-onalar bilan samimiy suhbatlashib, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Qayd etilishicha, mazkur tadbir ishtirokchilar uchun quvonchli lahzalarni hadya etish bilan birga, Vatan himoyasi naqadar sharafli va mas’uliyatli vazifa ekanini yana bir bor qalblarga singdirdi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri