Asadbek Narimonovdan ham oltin medal
Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda AQShning Las-Vegas shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari davom etayapti.
Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda AQShning Las-Vegas shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslari davom etayapti. Quvonarlisi, mazkur musobaqa vakillarimiz uchun muvaffaqiyatli kechmoqda.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, kecha tunda terma jamoamiz a’zolari navbatdagi oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘smirlar o‘rtasidagi vazni 73 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar bahsida hamyurtimiz Asadbek Narimonov bitta oltin hamda ikkita kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Terma jamoamiz a’zosi dast ko‘tarish bahslarida 133 kg.lik toshni ko‘targan holda ushbu yo‘nalishda oltin medal bilan taqdirlandi. Uning eng yaqin ta’qibchisi bolgariyalik Karlos Nasar esa dast ko‘tarishda 130 kg. natija qayd etdi.

Biroq musobaqaning siltab ko‘tarish yo‘nalishida o‘tkazilgan bahslarda A.Narimonov 154 kg. natija bilan 2-o‘rinni egalladi. Aksincha, Nasar bu safar o‘zini ko‘rsatdi va u siltab ko‘tarish mashqida 161 kg.lik marrani zabt etdi. Natijada Bolgariya vakili siltab ko‘tarish bilan birga umumiy hisobda ham Narimonovdan o‘zib ketdi. Ikkikurash natijasiga ko‘ra Nasar 291 kg. ko‘rsatkich bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Asadbek Narimonov esa umumiy 287 kg.lik natija bilan kumush medal sohibiga aylandi. Gresiyalik polvon Amagyak Misakyan esa umumiy 272 kg.lik natija bilan kuchli uchlikni yakunlab berdi.
Eslatib o‘tamiz, bungacha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionati bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Nigora Abdullaeva uchta oltin, Og‘abek Nafasov esa ikkita kumush medalga sazovor bo‘lgan edi.