Arnasoyga dunyo eshik ochmoqda
Jizzax viloyatining shimoliy-g‘arbiy qismida joylashgan Arnasoy tumanida xalqaro hamkorlik va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirishga qaratilgan muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Okeaniya mintaqasida joylashgan, iqlim o‘zgarishidan eng ko‘p ta’sirlanayotgan davlatlardan biri sanaluvchi Tuvalu Respublikasi Ichki ishlar, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit vaziri doktor Maina Talianing tashrifi hududning xalqaro maydondagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat berdi.
Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda hududning iqtisodiy imkoniyatlari, investitsiyaviy jozibadorligi va turizm salohiyati muhokama qilindi. Ayniqsa, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi atrofida shakllanayotgan ekologik turizm maskanlari, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi hamda sarmoyadorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.

Mamlakatimizda hududlarning tashqi iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi Farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat ijrosi doirasida hududlarning investitsiyaviy salohiyatini namoyon etish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va investorlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Uchrashuv chog‘ida doktor Maina Talia Tuvaluning iqlim o‘zgarishiga moslashish tajribasi haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, u Arnasoyning noyob tabiati, suv havzalari va ekologik turizm imkoniyatlarini yuqori baholab, bu yo‘nalishda hamkorlik qilish istiqbollari mavjudligini ta’kidladi.
— Bugun har bir hudud o‘z imkoniyatlari bilan xalqaro maydonga chiqmoqda, — deydi Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov. — Biz uchun har bir xorijiy delegatsiya tashrifi oddiy uchrashuv emas, balki yangi investitsiyalar, yangi loyihalar va aholi farovonligiga xizmat qiladigan tashabbuslar uchun imkoniyatdir. Arnasoyning turistik va iqtisodiy salohiyatini dunyoga kengroq tanitish ustuvor vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.
Muloqot yakunida turizm, ekologiya va investitsiya sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Minglab chaqirim masofa ajratib turgan Arnasoy va Tuvaluni bugun umumiy maqsad — barqaror taraqqiyot, ochiq muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik birlashtirmoqda. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar Yangi O‘zbekistonning ochiqlik siyosati joylarda ham aniq natija berayotganini namoyon etmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA