Arnasoyda eksport salohiyati ko‘tarildi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida mahsulotlarni eksport qilish yarim yillik rejasi 95,6 foizga bajarildi, bu o‘tgan yilnig shu davridagidan 15 foizga ko‘pdir.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini barqarorlashtirish bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilmoqda. Raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hamda ularni eksport qilish uchun zarur sharoit, imkoniyatlar yaratilgan va bu barcha jabhalarda o‘zining ijobiy samarasini berayotir.
Islohotlar samarasini birgina eksport prognoz rejasi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning raqamlardagi ifodasida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Arnasoy tumanida investitsiya loyihalari eksport prognoz rejasining bajarilishi bo‘yicha joriy yil uchun jami 5 million 978 ming AQSH dollari etib belgilangan edi.
Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida tuman mehnatkashlari 2 million 692 ming 300 AQSH dollari miqdorida mahsulotlar eksportini amalga oshirdi yoki boshqacha aytganda 6 oylik reja 95,6 foizga bajarildi va bu ko‘rsatgich o‘tgan yilning shu davridagidan salkam 15 foizga ko‘p demakdir.
Eksport tovarlarining asosiy qismini oziq-ovqat, trikotaj mahsulotlari, meva-sabzavot va boshqa yengil sanoat mahsulotlari tashkil etmoqda. Arnasoy tumanida eksport qilingan tovarlarning katta ulushi Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Turkiya, Xitoy va boshqa mamlakatlariga amalga oshirilgan.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining pishib yetilishini kuz oylariga to‘g‘ri kelishini hisobga olsak, tuman mehnatkashlarining mahsulot eksporti hajmi yilning ikkinchi yarmida keskin oshishi kutilmoqda. Shu o‘rinda, tumanda eksport salohiyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha tizimli ishlar izchillik bilan davom ettirilayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Jumladan, meva-sabzavot mahsulotlari bo‘yicha tumanda 7 ta korxona eksportga jalb qilingan. “Arnasoy limon agro” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qishloq xo‘jalik sohasi bo‘yicha 2 gektar hamda “Arnasoy food city” MCHJ tomonidan 1 gektar maydonga issiqxona tashkil qilinib, poliz mahsulotlaridan qovun katta miqdorda eksport qilib kelinmoqda.
Shunigdek, “ALIBEK BIZNESMEN” xususiy korxonasi tomonidan 80 gektar yer maydoniga poliz mahsulotlari ekilib eksportga chiqariladi. “BMB EXPORT IMPORT GLOBAL”, “BMB AGRO TRADE” MCHJlar tomonidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari jumladan, mosh va loviya yetishtirilib 100 foiz eksportga yo‘naltirilishi nazarda tutilgan.
G‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga takroriy dukkakli ekinlar ekilishi hamda yetishtirilgan mahsulotlar eksportyor korxonalari tomonidan peshma-pesh eksportga yo‘naltirilishi rejalashtirilganini ham alohida ta’kidlash lozim.
Soha mutaxassislarning ma’lumotlariga qaraganda, arnasoyliklar joriy yilda mahsulotlar ekasporti rejasini yil oxiriga qadar 115-120 foizga uddalashlari prognoz qilinmoqda. Tuman mehnatkashlari ushbu ezgu maqsad yo‘lida astoydil mehnat qilayotgani esa tahsinga loyiq.
A.QAYUMOV, O‘zA