Armaniston Bosh vaziri koronavirusga uchradi
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasi orqali koronavirusga chalinganini eʼlon qildi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ijtimoiy tarmoqdagi shaxsiy sahifasi orqali koronavirusga chalinganini eʼlon qildi.
Oʻzining video lavha shaklidagi bayonotida eʼtirof etishicha, Pashinyan xastalikning hech qanday belgilarini sezmagan. Shunday boʻlsada, koronavirusga test topshirishga qaror qilgan. “Mening tahlilim musbat chiqdi”, — dedi u.
Pashinyan oila aʼzolari ham zararlanganini qoʻshimcha qilgan. Taxminicha, virus unga muloqotlar chogʻida yuqqan. “Stolga stakanlarni tarqatib chiqayotgan ofitsiant qoʻlqop kiymagandi. Men shunga eʼtibor berdim va idishlarni almashtirishni soʻradim. Menimcha, u avval ham shunday harakat qilgan. Bir necha kun oʻtgach, oʻsha yigit koronavirusga chalingani tasdiqlandi”, — deydi hukumat rahbari.
Armaniston Bosh vaziri hozircha isitmasi yoʻqligi va shu bois uyidan turib, oʻz-oʻzini yakkalash tartibida ishlashda davom etishini maʼlum qildi.
Armaniston Sogʻliqni saqlash vazirligi xabariga koʻra, hozirgacha mamlakatda tanasida koronavirus aniqlangan fuqarolar soni 9 ming 200 dan oshib ketgan. 3386 kishi sogʻaygan va 130 dan ziyod bemor vafot etgan.
Nikol Pashinyan bugun, yaʼni 1-iyun kuni 45 yoshga toʻldi. Armaniston hukumati tepasiga u 2018-yilda, Yerevanda avj olgan koʻp ming kishilik norozilik namoyishlari oqibatida avvalgi bosh vazir Serj Sargsyan isteʼfo berganidan soʻng kelgan.