Arenada – kamolot g‘unchalari
Namanganda badiiy gimnastika bo‘yicha “Kamolot” g‘unchalari” respublika ochiq turnirining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Namanganda badiiy gimnastika bo‘yicha “Kamolot” g‘unchalari” respublika ochiq turnirining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi, viloyat xalq ta’limi, madaniyat va sport ishlari boshqarmalari, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi viloyat filiali bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada 60 dan ziyod gimnastikachi qiz bulava, xalqa, to‘p kabi buyumlarda bajariladigan mashqlar bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi.
– Sportning bu nafis turi qizlar o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda, – deydi “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat kengashi bo‘lim mudiri Doston Rahimov. – Musobaqaning saralash, ya’ni shahar, tuman bosqichlarida 700 dan ziyod qizlar qatnashgani buning yaqqol isbotidir. Ayniqsa, qishloq yoshlari o‘rtasida badiiy gimnastikaga qiziqish ortib borayotgani quvonarli. Bu Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning o‘zlari qiziqqan sport turi bo‘yicha shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan sharoitlar samarasidir.
3-Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabida 11-15 yoshgacha bo‘lgan beshta yosh toifasi vakillari o‘rtasida qizg‘in kechgan musobaqa yakuniga ko‘ra, Namangan shahridan Elyanora Mamatusubova, Madina Xo‘jayeva, Namangan tumanidan Hafiza Usmonova, To‘raqo‘rg‘on tumanidan Sarvinoz Mamadaliyeva, Maftuna Karimova o‘z yosh toifasida g‘oliblikni ko‘lga kiritib, turnirning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.