“Arab News”: Islom sivilizatsiyasi markazi – butun islom olami uchun noyob ma’naviy va ilmiy meros maskani
Poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida “Arab News” nashri maqola e’lon qildi. Unda Markaz nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun muhim ma’naviy va ilmiy maskan sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, sivilizatsion makonni barpo etish tashabbusi davlatimiz rahbari tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgani va inshoot xalqaro hamjamiyat qo‘llab-quvvatlovi asosida bunyod etilgani qayd etilgan.
– Toshkentdagi tarixiy Hazrati Imom majmuasi yaqinida joylashgan Markaz hudud tarixini islomdan avvalgi davrlardan tortib, Yangi O‘zbekistongacha bo‘lgan bosqichlarda namoyon etadi. Ayniqsa, Markazning “yuragi” hisoblangan Qur’on zalida dunyodagi eng qadimiy nusxalardan biri — Usmon Qur’oni saqlanishi uning eng noyob va qimmatli boyligi sifatida e’tirof etilmoqda, -deyiladi nashrda.

So‘nggi bir yil davomida Markaz fondi sezilarli darajada kengayib, 1500 dan ortiq yangi eksponatlar — qo‘lyozmalar, arxeologik topilmalar va tarixiy xaritalar bilan to‘ldirildi.
Muallifning yozishicha, Markazda bir qator nufuzli xalqaro tashkilotlar o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRCICA), Oksford Islom tadqiqotlari markazi hamda Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti (TURKSOY) va O‘zbekiston Musulmonlari idorasi shu yerda joylashgan.
E’tiborli jihati, Markazda muqaddas Ka’ba yopinchig‘i kisvaning bir parchasi mavjudligidir. O‘tgan yil ushbu nodir sovg‘a Saudiya Arabistoni Podshohi Salmon Ol Saud topshirig‘iga binoan, Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia tomonidan O‘zbekiston Prezidentiga topshirilgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning ramzi sifatida ushbu markazda saqlanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA