AQSHning Janubiy Koreyadagi bazasida oq fosfor sizib chiqdi
AQSHning Janubiy Koreyada joylashgan Osan aviatsiya bazasida o‘q-dori bilan bog‘liq hodisa yuz berib, havoga oq fosfor sizib chiqishi sodir bo‘ldi. Voqea rasmiylarni yaqin atrofdagi aholini qisqa vaqtga evakuatsiya qilishga undadi.
Reuters yozishicha, ushbu favqulodda holat tufayli hech kim jarohat olmagan. Cheklov Janubiy Koreya qutqaruvchilari va AQSH harbiy xizmatchilari tomonidan zararsizlantirish ishlari olib borilgandan so‘ng taxminan yarim soat o‘tgach bekor qilingan.
Ma’lumot uchun: Oq fosfor havo bilan aralashganda alangalanadigan o‘ta zaharli modda bo‘lib, boshqa unsurlar qatori tutun pardasini yaratish va ayrim turdagi o‘q-dori vositalari ishlab chiqarishda ishlatiladi.
S.Rahimov, O‘zA