AQSHdagi oziq-ovqat festivalida qurolli hujum sodir etildi
AQSH Vashington shtatida Sietl shahrida o‘tkazilayotgan “Bite of Seattle” oziq-ovqat festivali chog‘i sodir bo‘lgan otishma oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi, besh fuqaro jarohat oldi. Hodisa mahalliy vaqt bilan kechki soat 18 atrofida “Seattle Center” majmuasida yuz bergan. Huquq-tartibot idoralari voqea yuzasidan tergov boshlab, aholidan hududga yaqinlashmaslikni so‘radi.
Yaqin atrofdagi “Harborview” tibbiyot markazi ma’lumotiga ko‘ra, shifoxonaga to‘rt jabrlanuvchi, jumladan yosh bola, 23 yoshli yigit va ikki ayol olib kelingan.
Anjuman ishtirokchisi Estan Vakonabo aytishicha, u navbatda turgan payt odamlar to‘satdan har tomonga qocha boshlagan. Bir necha bolalar aravachasi ag‘darilib ketgan, odamlar bir-birini bosib o‘tishga uringan. Ketma-ket o‘q ovozi eshitilgandan keyingina vaziyat qurolli hujum ekani ma’lum bo‘lgan.
Voqea joyiga politsiya va tezkor xizmat xodimlari yetib kelib, odamlarni xavfsiz hududga olib chiqqan. “Bite of Seattle” 1982-yildan buyon o‘tkazib kelinadigan mamlakatdagi eng yirik bepul oziq-ovqat festivallaridan biri hisoblanadi. Har yili ushbu tadbirga 350 000 dan ko‘p mehmon tashrif buyuradi.
Musulmon Ziyo, O‘zA