AQSH Eron harbiy ob’ektlariga havodan zarba berdi
Yaqinda AQSH Eron hududidagi harbiy nuqtalarga havodan zarba berdi. Bunga javoban Tehron ham Amerika bazalariga raketa otdi. Vaziyat keskinlashsa-da, ikki davlat rasman sulh buzilganini inkor etmoqda.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) Eron hududidagi bir necha harbiy nuqtaga havodan zarba berilganini e’lon qildi. Rasmiy bayonotga ko‘ra, Amerika harbiy aviatsiyasi tomonidan Eronning Goruk mintaqasi va Keshm orolida joylashgan radiolokatsiya (radar) tizimi hamda uchuvchisiz uchish qurilmalari (dronlar)ni boshqarish markazlari nishonga olingan. Oq uy ushbu amaliyotni “mudofaa xususiyatiga ega javob chorasi” sifatida baholadi. Vashington tushuntirishicha, bu hujum yaqinda xalqaro havo hududida Amerikaning MQ-1 rusumli razvedka droni Eron tomonidan urib tushirilganiga javoban amalga oshirilgan. Oqibatda Islom Respublikasi havo hududini himoya qilish tizimi, dronlarni boshqarish shtabi va ikki harbiy dron butunlay yo‘q qilingan.
Avvalroq “Bloomberg” agentligi Quvaytdagi AQSH Harbiy-havo kuchlari joylashgan “Ali Al-Salim” aviatsiya bazasiga raketa hujumi uyushtirilgani haqida xabar tarqatgan edi. O‘shanda havodayoq urib tushirilgan raketa parchalari majmuadagi ikki qimmatbaho “MQ-9 Reaper” droniga shikast yetkazgan. So‘nggi haftalarda bunday o‘zaro zarbalar tez-tez takrorlanmoqda. Qizig‘i shundaki, keskinlik asnosida rasman amaldagi o‘t ochishni to‘xtatish rejimi buzilganini hech bir tomon tan olmay, diplomatik darajada “sulh kuchida qolayotgani”ni da’vo qilmoqda.
O‘z navbatida, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) ham jim qarab turmaganini bildirdi. Tehron bayonotiga ko‘ra, mamlakat armiyasi Keshm oroliga qilingan hujum uchun AQSHning mintaqadagi bazalaridan biriga qarshi javob raketalarini uchirgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA