"Aqlvoy" avtobuslari yo‘lga chiqdi
Uzoq yillar davomida chekka hududlardagi bolalar zarur bilimsiz va maktabga tayyorgarliksiz qolishgan. Endilikda bu muammoning zamonaviy yechimi topildi.
"Aqlvoy" avtobuslari maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘lmagan chekka hududlardagi bolalarga bepul xizmat ko‘rsatadi.
Poytaxtimizda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan olis hududlarda yashovchi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olishga mo‘ljallangan “Aqlvoy” avtobuslarini joylarga yuborish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan so‘ng Jahon bankining “Bolalarni erta yoshdan rivojlantirishni takomillashtirish” loyihasi doirasida 30 ta qayta jihozlangan avtobus respublikamizning 11 ta hududiga jo‘natildi.

"Aqlvoy" avtobuslari quyosh batareyasi, konditsioner, hojatxona, issiq-sovuq suv, tamaddilarni isitish uchun joy kabi qulayliklarga ega.
–Mazkur loyiha doirasida maktabgacha ta’lim xizmatlarini yetkazish qiyin bo‘lgan tumanlarda 142 ta mobil guruh shakllantiriladi hamda qo‘shimcha 2 ming 528 ta bola o‘rni yaratiladi, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Maktabgacha ta’lim tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish departamenti direktori o‘rinbosari Lola Berdiyeva. – Avtobuslarning qulay tomoni shundaki, bu imtiyozlardan imkoniyati cheklangan bolalar ham bemalol foydalanishi mumkin. Avtobuslar xavfsiz jihozlangan. Bundan ko‘zlangan maqsad barcha bolalarga maktabgacha ta’lim xizmatlaridan teng foydalanish imkoniyatini yaratish hamda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishdan iborat.
Qayd etilishicha, mobil guruhlarda mashg‘ulotlar davomiyligi 2 navbatda 3 soatgacha davom etadi hamda barcha xizmatlar bepul tashkil etiladi. Avtobusda bolalar bo‘lgan vaqtda uning harakatlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

“Aqlvoy” avtobuslarida ta’lim berish va o‘yin faoliyatini tashkil etish uchun hududlarda 60 ta o‘yin maydonchasi normativlar asosida jihozlandi.
Buning uchun barcha hududlarda mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish uchun maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinmagan 3-7 yoshli bolalar ro‘yxati shakllantirilgan.
Bir mobil guruhdagi bolalar soni (qayta jihozlangan avtobusning o‘rindiqlar sonidan kelib chiqqan holda) kamida 16 nafar, ko‘pi bilan 30 nafar bo‘lishi belgilangan.
Shuningdek, doimiy ravishda mobil guruhlarni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan ta’minlash, ularning jismoniy tarbiya va birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha malakasini oshirish yuzasidan qisqa muddatli o‘quv-kurslari bepul tashkil etib boriladi.
Mobil bog‘chalarda hamshira yo‘qligi bois tarbiyachilar zaruriy tibbiy bilim va ko‘nikmalar bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA