Antiqa tanlov hikoyasi
Bilmadim, bu tanlov bo‘lganmi yo‘qmi...
Korrupsiya – jamiyat kushandasi
Bilmadim, bu tanlov bo‘lganmi yo‘qmi... Bilmadim, bu o‘zimizda bo‘lganmi yo‘qmi... Bilmadim, hatto bu tanlov qaysi zamonda, qachon bo‘lgan. Ishqilib, tinimsiz tanlovlar o‘tkaziladigan yurtda bo‘lgani rost. Shunday qilib, bir antiqa tanlov e’lon qilinib, tanlov sharti dunyodagi eng chiroyli, eng noyob, odam aqlini shoshiradigan kalitni yasash kerakmish. Har kalitlar yasalib, tanlovga jo‘natilibdiki, katta-kichik, xilma-xil emish. Ammo, g‘olib topilmasmish. Axiyri, bir odam topilibdi-ku... U shunchalar yulg‘ir ekanki, hatto kalit ham yasamabdi. Ko‘zi tushgan eng mitti kalitni konvertga solib, yoniga 5-10 qog‘oz “ko‘k“ni hamroh qilib tanlovga jo‘natibdi. Buni qarang, shu odam tanlov g‘olibi bo‘libdi. Qoyil, shu mittigina kalit tanlovning mutlaq g‘olibiga aylanibdi. “Ko‘k“ning kuchini qarang-a.
Antiqa tanlov hikoyasi bahonasida aytmoqchi bo‘lganim, poraxo‘rlikka qarshi kurashish haqida qancha gapirilmasin, u qaerdadir yashayapti, kun kechirayapti va hatto gullab yashnayapti. Yana bu illat ayrim qo‘lida vakolati bor odamlarning hiyla nayrangi bilan turli ko‘rinishda urchimoqda. Buni birov bilib, birov bilmaydi ham. Faqat tama ortidan qo‘lga tushayotganlarga qonuniy jazo berilayotgani jamoatchilikka ayon. Biroq, qonunbuzarga eng katta jazo xalq oldida tamagirligi bois boshining egilishidir, deb uylayman.
Yaqinda bir ijtimoiy tarmoqda o‘qib qoldim, ko‘pincha pora olayotgan yoki tama so‘rayotganlarni go‘yoki oylik maoshi pastligi tufayli shunday jinoyatga qo‘l urishayotganini sabab qilib ko‘rsatishgan. Nazarimda diyonatli odam kamiga ham qanoat qiladi. Nazarimda, birovning qo‘lidan borini so‘rab olish pastkashlikning eng so‘nggi ko‘rinishi... Nazarimda bu illat faqat tarbiyasida nuqsoni bor odamlarni o‘z girdobiga o‘raydi. Demak, hamma gap tarbiyada va korrupsiyaga qarshi targ‘ibot yuritishda.
O‘zim faoliyat yuritayotgan idorada har haftaning ikki kunida hududlarda markaz xodimlari va ularning oila a’zolariga huquqiy savodxonlik kunlari doirasida poraxo‘rlik va tamagirlikka qarshi suhbatlar va uchrashuvlar o‘tkazib kelayapmiz. Tadbirlarda xizmat mavqeidan foydalanib, nojo‘ya xatti-harakati tufayli qonun oldida javob berayotganlar hayoti aks etgan ijtimoiy roliklar qo‘yib, odamlarni mulohazaga chorlayapmiz. Adliya vazirligining “antikorbot“ tarmog‘i ishlab turgani, jamiyatda korrupsion holatlarga duch kelganlarida, shu tarmoqdan foydalanishni tavsiya etayapmiz. Ishonaman, mazkur targ‘ibot tadbirlarining albatta natijasi bo‘ladi.Chunki, iymoni butun oriyatli xalq vakillarimiz. Halovatda, halol yashashga ne yetsin. Chunki, odamzot o‘ziga berilgan rizqdan ortig‘ini ming chiranmasin baribir ololmaydi. Bu haqiqat hammaga ayon.
Alisher NURMAMATOV,
DXA Navoiy viloyati boshqarmasi
kadrlar bo‘limi boshlig‘i