Anqara universitetida O‘zbek tili bayrami nishonlandi
Turkiyaning Anqara universitetida 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir tashkil etildi. Unda o‘zbek tilining turkiy dunyo mushtarak madaniy merosidagi o‘rni, uni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Universitetning Til, tarix va geografiya fakultetida o‘tkazilgan yig‘inda O‘zbekistonning Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Ilhom Haydarov, Anqara universiteti prorektori Xatije Bakkalog‘lu, fakultet dekani, professor Irfon Albayroq, akademiklar va talabalar ishtirok etdi.
Diplomatimiz I.Haydarov o‘z nutqida o‘zbek tili ko‘p asrlik tarixga ega ekani, u nafaqat millatimiz, balki butun turkiy dunyoning mushtarak boyligi hisoblanishini ta’kidladi. Shuningdek, mamlakatimizda davlat tilining boshqaruv, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar davom etayotganini qayd etdi.

Anqara universiteti prorektori X.Bakkalog‘lu O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi tarixiy qardoshlik rishtalariga to‘xtalib, 1989-yil 21-oktabrda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining ahamiyatini e’tirof etdi.
Anjumanda til millatning madaniy va ma’naviy merosini saqlash, xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ilmiy-madaniy aloqalarni rivojlantirish, turkiy xalqlarning mushtarak til va adabiy merosini keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Nodira Kayimova, O‘zA
Turkiya