Aniqlangan qonun buzilish holatlari bartaraf etildi
Andijon viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi tomonidan olib borilayotgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari, davlat, nodavlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari, blogerlar hamda soha mutaxassislari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimiz ijtimoiy hayotining barcha sohalarida monopoliyaga qarshi kurashish, shaffoflikni ta’minlash, erkin raqobat muhitini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Anjumanda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Ikromjon To‘raboyev joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
– O‘tgan davr davomida tovar yoki moliya bozorlarida ustun mavqeni egallab turgan davlat reyestriga kiritilgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar, ko‘rsatiladigan xizmatlar bo‘yicha tuzilgan 120 dan ortiq shartnoma o‘rganib chiqildi, – deydi Andijon viloyati Monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari I. To‘raboyev. – Viloyatda tovar va moliya bozorida ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan 6 turdagi mahsulot yetkazib berish, ish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan tartiblarga to‘la rioya etilganligi ma’lum bo‘ldi. Tabiiy monopoliya sub’ektlarini tartibga solish sohasida 8 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlar o‘rganilganda qonunchilik hamda qonunosti hujjatlari talablarining buzilishi holatlari aniqlandi. Ushbu holatlar bo‘yicha boshqarmaning “Maxsus komissiyasi” tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari foydasiga jami 1177,1 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni qaytarish choralari ko‘rildi.
[gallery-9487]
Shuningdek, anjumanda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, ustav fondidagi ulushlarni va boshqa mulkiy huquqlarini olishga doir bitimlarni tuzish, nohalol raqobat holatlarining oldini olish, birja savdolarida yuqori likvidli va monopol mahsulotlar savdolari monitoringi va nazorati hamda ularning mahsulot turlarini kengaytirish, davlat xaridlari va boshqa savdolarda raqobatni ta’minlash sohalarida olib borilgan ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Masalan, birja savdolarida yuqori likvidli va monopol mahsulotlar savdolari monitoringi va nazorati hamda ularning mahsulot turlarini kengaytirish yo‘nalishida viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan paxtachilik klasterlari, don hamda yog‘-moy korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yilishi bo‘yicha 10 holatda qonunchilik talablarining buzilishi aniqlanib, ushbu holatlar belgilangan tartiblar asosida ko‘rib chiqildi. Natijada boshqarmaning “Maxsus komissiyasi” tomonidan jami 1348,7 million so‘m miqdordagi mablag‘ni Qo‘mitaning maxsus jamg‘armasiga undirish yuzasidan qaror qabul qilindi.
Boshqarma mutaxassislari tomonidan qonun hujjatlari va davlat organlari qarorlarining raqobat muhitiga ta’sirini baholash sohasida ham o‘rganishlar olib borildi. Jumladan, “Ex-ante” usuli bo‘yicha raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha shahar va tuman hokimliklarining regulation.gov.uz saytiga joylashtirilgan 202 ta qaror loyihalari, “Ex-post” usuli bo‘yicha raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha jami 16 ming 386 ta hujjati o‘rganildi, inventarizatsiyadan o‘tkazildi. O‘rganishlar davomida tuman, shahar hokimliklarining 10 ta hujjatida qonun buzilish holatlari mavjudligi aniqlandi va ular tegishli tartibda bartaraf etildi.
Anjumanda hududiy boshqarmaga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 773 ta murojaatlar kelib tushganligi, shundan 275 tasi qanoatlantirilganligi, 189 tasiga tushuntirish berilganligi, 35 tasi ko‘rib chiqish uchun tegishli idora va tashkilotlarga yuborilganligi aytib o‘tildi. Iste’molchilar huquqini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish sohasida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ham ma’lumotlar taqdim etildi.
Matbuot anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA