Animatsiya san’atining ustasi
Prezidentimizning "Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra mamlakatimizning madaniy, badiiy va intellektual salohiyatini yuksaltirish, milliy ma’naviyatni boyitish hamda xalqaro miqyosda targ‘ib etishga qo‘shgan munosib hissasi uchun bir guruh yurtdoshlarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.
Milliy animatsiya sohasining haqiqiy bilimdoni va zahmatkashi, yoshlardan bilimi, mehri va e’tiborini ayamaydigan jonkuyar ustoz, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutining teatr bezagi rangtasviri kafedrasi dotsenti Mavzur Mahmudov “O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi” faxriy unvoniga sazovor bo‘ldi.
Multiplikatsiya (animatsiya) – bu ko‘plab statik (qotib qolgan) rasmlar yoki ob’ektlarni ketma-ket, kadrma-kadr suratga olish orqali harakat illyuziyasini yaratish san’atidir. Bu texnika nafaqat ko‘ngilochar soha, balki ta’lim, fan va tarbiyada ham muhim rol o‘ynaydi. Ta’kidlash joizki, badiiy filmdan ko‘ra multiplikatsion filmni yaratish juda ham murakkab va sermashaqqat jarayondir. Chunki bu san’at rassomi ham rejissyor, ham aktyor, ham tasvirni jonlantiruvchi, obraz ustasi bo‘lishi lozim. Shu bilan birga ovoz, musiqa , tasvir, rang garmoniyasini yaxshi his etishi darkor.
Mavzur Mahmudov o‘zbek animatsiyasida badiiy an’analarni zamonaviy mazmun bilan boyitib, yangi davr animatsiyasini yaratgan iste’dodli rassom, rejissyor, ssenariynavsdir. Oddiy chizma rassomdan animatsiya san’atining ustasi darajasigacha ko‘tarilgan, turli uslub va texnologiyalarda yaratgan asarlari o‘zining yuksak professionalizmi bilan ajralib turadi. Rassom o‘zbek multiplikatsiyasining an’anaviy va zamonaviy texnologiya davrida eng ko‘zga ko‘ringan, sohani rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan, mashaqqatli jarayonda tinmay mehnat qilgan va tomoshabinlarga manzur bo‘lgan ko‘plab multiplikatsion asarlar muallifidir.
Mavzur Mahmudov 1947-yilning 17-iyun kuni Toshkent shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. 1961-yili maktabni bitirib, aviatsiya texnikumida, so‘ngra Toshkent davlat pedagogika institutining rassomchilik fakultetida tahsil oladi.
Multiplikatsiyaga bo‘lgan qiziqishi uni Butunittifoq davlat kinematografiya institutiga yetaklaydi. Bu dargohda u mo‘’jaz san’at sirlarini o‘rgandi. Bo‘lajak rassom judayam ziyrak, tirishqoq va sohaning eng tajribali mutaxassislaridan ta’lim oldi.
Institutni bitirib, “O‘zbekfilm” qoshidagi “Multbirlashma”da rejissyor va postanovkachi rassom bo‘lib ishladi. Ilk ijodiy ishi – “Lochin va Yulduz haqida ballada” kartinasidayoq uning iste’dodi o‘z tasdig‘ini topdi. Ya’ni, u bu filmda sharqona poetikani nafis chizgilarda betakror ifodalab, o‘zbek animatsiyasi ekraniga miniatyura namunalarini olib kirdi.
Rassom deyarli barcha davlatlar multiplikatorlari va ularning ijodi bilan tanish bo‘lib, dunyo multiplikatsiyasida o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun ijodda asosiy e’tiborni milliylikni rivojlantirishga qaratdi. Uni birgina usul yoki janrda ijod qilish qoniqtirmadi, turli texnologiyalarda asarlar yaratishga intildi. Texnologiyalarga qiziqishi esa perekladkali texnologiyani o‘rganishiga sabab bo‘ldi. Bu qiziqish filmlarda rang-baranglikni boyitib, murakkab vositalar, ya’ni kalka, selluloid kabi ashyolar bilan ishlashda ijodkorning tajribasini yanada orttirdi. Shu zaylda u o‘zbek animatsiyasida birinchi yaratilgan perekladkali film – “Xo‘ja Nasriddin” filmi muallifiga aylandi. Rassom bu texnologiyani olib kirish orqali o‘tgan asrning 80-yillari boshidagi muammoni hal etishga munosib hissa qo‘shdi. Bu o‘zbek animatsion kinosining tasviriy ifodasi, uning stilistikasini rivojlantirishga katta turtki berdi.
2000-yillarda o‘zbek multiplikatsiyasida kompyuter grafikasi rivojlana boshlaydi. Bu texnologiyada animatsiya yaratishning keng imkoni majud bo‘lgani bois sermehnat badiiy jarayonda texnologiyani o‘zgartirishga bel bog‘ladi. Yangi texnologiyaning imkoniyatidan foydalangan holda rassom birinchi navbatda filmning tasviriy yechimini topishga asosiy e’tibor qaratdi. Natijada o‘zbek multiplikatsiyasida 3 D texnologiyasidagi ilk film Mavzur Mahmudov rejissyorligida yaratildi.
Rassom mana shunday tinimsiz mehnati, izlanishlarga boy ijodiy faoliyati bilan sohani rivojlantirishda faol ishtirok etib, 40 dan ortiq animatsion filmlar yaratdi.
Qachonlardir dastgohli rangtasvirda, o‘z ta’biri bilan aytganda “hech eskirmaydigan” katta polotnolar yaratishni orzu qilgan rassom taqdirning taqozosi bilan san’atning qisqa turi animatsiyada jahonga tanildi. Uning chuqur ijodiy izlanishi natijasida yaratilgan animatsion kinoasarlaridan “Baxtli shahzoda” (1992) O‘zbekiston kinoarboblari uyushmasining “Grifon” mukofotini, “Bilyard tarixi” (1989) qo‘g‘irchoq filmi Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan 5-Xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi qo‘g‘irchoq film” nominatsiyasini, “Bulbul” (1999) animatsion filmi Moskvada bo‘lib o‘tgan bolalar animatsion kinosi Xalqaro kinofestivalida birinchi mukofot – “Oltin baliqcha” sovrinini qo‘lga kiritgan, “Susambil” musiqali filmi Moskva Xalqaro kinofestivalida “Eng yaxshi musiqali film” nominatsiyasiga munosib topilgan, “Quyosh yurti polvoni” (2019) animatsion filmi Hindiston 11-Xalqaro bolalar filmlari festivalining maxsus sovrini bilan taqdirlangan.
Iste’dodning chegarasi bo‘lmaganidek, rassom ijodidan katta polotnolar ham o‘rin olgan. Mavzur Mahmudov animatsiya san’atidan tashqari portret, manzara va tarixiy mavzularda ham sermahsul ijod qildi. Uning “Bolalik”, “Natyurmort”, “Onam portreti”, “Moychechaklar”, “Buvimnikida mehmonda”, “Oq natyurmort” kabi turli janrlardagi asarlari xalqaro ko‘rgazmalarda namoyish etilgan.
Rassomning bu sermashaqqat sohadagi mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib e’tirof etilib, “Shuhrat” medali, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoni bilan taqdirlandi.
Mavzur Mahmudov asosiy mehnat faoliyati bilan bir qatorda Teatr rassomchilik institutida talabalarga dars berib, sohada bir qator iqtidorli ijodkorlarni kashf etdi.
Qahramonimiz hozirgi kunda ham pedagogik faoliyatini davom ettirib Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida yosh avlodga bilim berib kelmoqda.
Gulshod AZIMOVA,
O‘zA sharhlovchisi