Angrenda ishbilarmon ayollar tajriba almashdi
O‘z ishini yo‘lga qo‘yib, yangi ish o‘rinlari yaratayotgan, xizmat va mahsulotlarini kengaytirishga intilayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ular o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada turli loyiha va ko‘rik-tanlovlar tadbirkor ayollarning o‘z salohiyatini namoyon etishi uchun o‘ziga xos maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida belgilangan loyihalardan biri — “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining hududiy bosqichi ham shu maqsadlarga qaratildi.
Angren shahrida tashkil etilgan tadbirda O‘zLiDeP Toshkent viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Nasiba G‘afurova, partiya viloyat Kengashi Ayollar tadbirkorligi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mudiri Diyora Boltayeva, partiya faoli Dilnoza Pardayeva hamda partiya Angren shahar Kengashi apparati rahbari Muqaddam Norboyeva ishtirok etdi. Tanlovda turizm, dam olish va davolash xizmatlari, tibbiyot, to‘qimachilik, tikuvchilik, qandolatchilik va hunarmandchilik kabi yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ishtirok etdi. Ular o‘z mahsulot va xizmatlarini namoyish etib, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish tajribasi, erishgan natijalari va kelgusi rejalari haqida ma’lumot berdi.

Ko‘rgazma jarayonida ishtirokchilar nafaqat o‘z mahsulot va xizmatlarini taqdim etdi, balki turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollar bilan tajriba almashish imkoniga ham ega bo‘ldi. Mijozlar bilan ishlash, xizmat sifatini oshirish, faoliyatni kengaytirish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan fikrlar bildirildi.
Hakamlar hay’ati ishtirokchilarning amalga oshirayotgan loyihalari, erishgan natijalari, yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi faoliyati va tadbirkorlik tashabbuslarini baholadi. Yakunda tanlovning Toshkent viloyati bosqichida ishtirok etadigan nomzodlar saralab olindi. Yakunda birinchi o‘rinni “Yangiobod” sanatoriysi rahbari, xalq deputatlari Angren shahar Kengashi deputati Dilnoza Begmatova egalladi.

– Bu tanlov bizga o‘z faoliyatimizni namoyish etish bilan birga, turli sohalarda ishlayotgan tadbirkor ayollar bilan tajriba almashish imkonini berdi, — deydi Dilnoza Begmatova. – Yangi biznes hamkorlar bilan tanishdik, kelgusida birgalikda ishlash bo‘yicha fikrlashdik. O‘zLiDeP ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga, biznes vakillarining muammolarini bevosita tinglab, ularning ijobiy yechimini topishga e’tibor qaratayotgani quvonarli. Tadbirkor uchun o‘z tashabbusi qo‘llab-quvvatlanayotganini his qilish ham katta rag‘bat.
Ikkinchi o‘rin “Shuhrat Parizod” xususiy klinikasi rahbari N.Abdaliyevaga nasib etdi. “Sabina Beykeri” MCHJ rahbari G.Radjabova hamda “Yoqubxon Tekstil” NCHJ rahbari S.Saydullayeva uchinchi o‘ringa munosib deb topildi. Shuningdek, boshqa ishtirokchilarning ko‘rgazmalari va tadbirkorlik loyihalari ham hakamlar hay’ati tomonidan ijobiy baholandi. Tanlov yakunida ishtirokchilarga diplomlar, tashakkurnomalar, esdalik sovg‘alari va guldastalar topshirildi.

Muhimi, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi Angrenda tadbirkor xotin-qizlarning faoliyati, amaliy tashabbuslari va yangi g‘oyalarini ko‘rsatish bilan birga, ular o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi. Tanlovda taqdim etilgan loyihalar esa xotin-qizlarning yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va mahalliy iqtisodiy faollikni oshirishdagi ishtirokini namoyon etdi.
A.Musayev,O‘zA