Angorda eng namunali maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori aniqlandi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Angor tumanida maktabgacha ta’lim muassasalari rahbarlari o‘rtasida “Eng namunali maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov maktabgacha ta’lim tizimida rahbar kadrlarning kasbiy mahorati, boshqaruv salohiyati va zamonaviy yondashuvlarini baholash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Mirzaqulov ishtirok etib, ishtirokchilarga omad tiladi. U ta’lim tizimida samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, rahbarlarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish mazkur tanlovning asosiy vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
[gallery-29482]
Ilk bor sinov tariqasida tashkil etilgan tanlovda kamida ikki yillik rahbarlik tajribasiga ega davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktorlari ishtirok etdi. Qatnashchilar portfolio taqdimoti, boshqaruv loyihasi himoyasi hamda turli vaziyatli topshiriqlar orqali o‘z bilim va rahbarlik mahoratini namoyon qildi.
Yakuniy baholash natijalariga ko‘ra, Angor tumanidagi 11-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Dilfuza Shaymardonova birinchi o‘rinni egallab, tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi. Shuningdek, 5-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Nargiza Orziqulova ikkinchi, 4-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Nazokat Donayeva esa uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.
Mutaxassislar fikricha, mazkur tanlov maktabgacha ta’lim tizimida zamonaviy boshqaruv usullarini keng joriy etish, rahbar kadrlar malakasini oshirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA