Angilloh va Tandirg‘or sarguzashtlari (+surat)
Sayohat manzillari
Mahobatli tog‘lar bag‘ridagi g‘orlar hamisha hikmatlarga boy. Boisi ushbu joylar qadimda ajdodlarimizga boshpana bo‘lgan. Ular shu yerlarda jon saqlagan, umrguzaronlik qilgan.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Kitob tumaniga qarashli Oyoqchi qishlog‘idagi tog‘ bag‘rida “Angilloh” nomi bilan atalgan qadimiy manzil borligi haqida xabar tarqaldi. Bunday sirli manzillarga qiziqishimiz sabab erta tongdan fotomuxbir bilan manzil sari yo‘l oldik.
Aytish joizki, Oyoqchi Kitob tumanining chekka va olis qishloqlaridan biri sanaladi. Baland tog‘lar bag‘ridan oqib keluvchi Oyoqchisoy daryosining ikki qirg‘og‘i bo‘ylab joylashgan ushbu manzil insoniyatning qadimiy manzillaridan bo‘lsa ajabmas. Ma’lumotlarda keltirilgan g‘orni izlar ekanmiz shu qishloqlik do‘stimiz Jasur Quvvatov va qishloq faxriylaridan Abduraim Rahimov bizga hamrohlik qildi.
Jazirama kunlarning qaynoq tafti tog‘larga ham yetib kelgan. Issiq harorat yo‘l-yo‘lakay odamni toliqtiradi. Hamrohlarimiz bilan birgalikda “Angilloh” deb atalgan soylikkacha mashinada bordik. Bu yog‘i baland tog‘ va piyoda harakatlanish zarur. G‘or shundoqqina tepamizda turardi. Ushbu g‘or yaqinimizda turgandek ko‘rinsada, borgan sayin bizdan uzoqlashaveradi. Lekin masofa u qadar uzoq emas ekan qisqa fursatda chiqib bordik. G‘or qo‘l kuchi bilan qurilgandek tasavvur qoldiradi kishida. Taxminan 60-70 kvadrat maydon. Kungay tarafda joylashgan va g‘or og‘zi katta ochiq bo‘lsada, ichkari salqin va huzurbaxsh.
Mahalliy hamrohlarimiz ushbu joyning qadimiy manzillardan biri ekanligiga sha’ma qilarkan, g‘or haqidagi avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan ma’lumotlarni hikoya qildi.
– Bolaligim shu g‘or atrofida qo‘y boqish bilan o‘tgan, – deydi shu qishloqlik Abduraim Rahimov. – G‘orda o‘ynardik. Bu yerni olimlar tekshirib ibtidoiy odamlarning jimjiloq suyagini topishgach, tarixiy manzil ekanligini bilganmiz. “Angilloh” deyilishining sababi og‘zingizni ochib “A-A-A” deganingizda uning shakli xuddi mana shunday holatda ko‘rinadi. Bu g‘or ham uzoqdan xuddi shunday og‘zini ochib turgan odamga o‘xshaydi. Shuning uchun odamlar bu g‘orni shunday atashgan. Uning yonidagi soyni Angilloh soyi deb nomlashgan. Tog‘liklar har bir soylikni va tog‘larni o‘z tilida nomlab olgan ya’ni manzilni aniq ko‘rsatish uchun. Tog‘larimizda bu kabi g‘orlar va tarixiy manzillar ko‘p.
[galereya-18491]
G‘or haqida hikoya qila turib, Abduraim aka unga yaqin joylashgan Qanjig‘ali qishlog‘i haqida ham ba’zi ma’lumotlarni ulashdi. Emishki, qadim zamonlarda Qanjig‘ali qishlog‘iga ikki aka-uka chorvadorlar asos solgan. Shu yerga qo‘ylarini o‘tlatish uchun kelgan. Bora-bora bu joylarni vatan qilishgan. Shu yo‘sinda pastki Qanjig‘ali va yuqori Qanjig‘ali qishloqlari hosil bo‘lgan. Qanjig‘ali so‘zining ma’nosi esa ma’lumotlarga ko‘ra, aslida qon jig‘ali deganidir. Ya’ni “jig‘a” bu kamon o‘qdoni. Yelkasiga osib yurgan o‘qdon doim qon bo‘lib yurgani bois qonjig‘ali, keyinchalik qanjig‘ali tartibida aytib ketilgan.
G‘orda o‘tirib biroz dam oldik. Xayolan bu maskanda tarixning qaysi bir davrlarida yashagan insonlar haqida o‘yladik. G‘orga erta tongdan to kun botgunga qadar quyosh tegib turadi. Ham undan yon atrofdagi kengliklar uzoq masofagacha yaqqol ko‘rinadi. Biror xavf yaqinlashayotganini oson payqash mumkin. Atrofi esa sero‘t soyliklar. Albatta yashash uchun qulay. Ushbu g‘or haqida birorta ilmiy ma’lumotlarni topa olmadik, lekin insoniyatning qadimiy manzillaridan biri ekanligiga ishonish mumkin.
Gap orasida Abduraim aka bundan yuqorida yana bitta sirlarga boy, mahalliy aholi tilida “Tandirg‘or” deb ataluvchi g‘or ham borligini aytib qoldi. U yerga ham borishga qaror qildik va yuqoriga qarab o‘rmaladik.
Tandirg‘orga borish oson bo‘lmadi. Boisi g‘orga olib boruvchi aynan bitta yo‘l yo‘q. Omonatdek turgan xarsang toshlarni oralab tik qoya tomon chiqib borardik. Bu yog‘i quyosh harorati tobora ortib bormoqda. Oftobdan qiziy boshlagan toshlar tafti bizni qizitadi. Dov-daraxtlar yo‘qligi sabab birorta soya joyni topishning imkoni yo‘q. Osmon uzra tepamizda qirg‘iylar sas berib, qanot yozib notinch uchadi. Go‘yo bizning tashrifimiz ularga ma’qul kelmagandek. Biroz o‘tirib dam olamiz, lekin hamrohlar sekin bo‘lsada harakatlanishga undaydi.
Nihoyat g‘orga yetib bordik, g‘or ichkarisidan kelayotgan kishiga huzur beruvchi salqin shabada yuzimizga urdi. G‘or devorlari qorayib ketgan. Aftidan u yerda uzoq yillar olov yoqilgan. G‘orning qorong‘u joyigacha taxminan 15 metrlar masofa bor. U yog‘iga tik turgan holda yurishning imkoni yo‘q. Emaklab yurgan holda yana shunda masofani bosib o‘tish mumkin. Keyin g‘or yo‘lagi yanada torayadi. Telefon chiroqlari yordamida g‘or ichkarisiga qarab harakatlanar ekanmiz Jayra ninalarini uchratamiz. Hamrohlarimizning aytishicha, bunday tubliklarni gohida jayralar oshyon qilishadi. Bu ma’lumotni eshitgach xavotirimiz oshdi va shu yerda g‘or ichkarisiga qarab yurishni to‘xtatdik.
– “Tandirg‘or” uzoqdan kichkinagina tandirga o‘xshab ko‘ringani uchun shunday ataladi, – deydi A.Raximov. – Lekin ichiga kirsangiz albatta buni tandirg‘or ekanligiga o‘zingiz ham ishonch hosil qilasiz. Qadimda yashagan insonlarning non yopib olgan joylarining izlari yaqqol ko‘rinib turibdi. Emaklab 15-20 metr ichkariga kirgach, bir odam ketadigan tuynuk chiqadi va uning ortida besh-olti kishi tik tursa joylashadigan sahna bor. U yerda esa tarvuz kattaligida uchta teshik bor. O‘sha joygacha yoshligimda borganman. Hozirgi kunda tog‘da yurgan qo‘y echkilar salqinlash uchungina kiradi bu yerga.
Haqiqatda g‘or devorlarida oqarib qolgan aylana non yopilgan joylar izlari bor. Ajabmaski, qadimda bu hududlarda yashagan cho‘ponlar avval o‘tin yoqib g‘orni qizitib, devorlariga non yopgan bo‘lishi mumkin. Fikr almashib g‘or og‘zida dam olib turar ekanmiz besh-olti bosh echkilar g‘orga kirib keldi. Kutilmagan “mehmon”lar bizni ko‘rgach yana ortiga qaytib, ketishimizni kutishga qaror qildi.
Ortga qaytarkanmiz mashaqqatli yo‘l va qiyinchiliklar unut bo‘ldi. Angilloh va Tandirg‘orda olgan taassurotlarimiz barchasini qoplab ketdi. Aytish joizki, o‘lkamizning bu kabi sir-sinoatlarga boy go‘shalari bisyor va ular tarixning ne-ne voqealarini hikoya qiladi bizga.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/yTg92RdqHh8?si=K-tuJ2m8RqRL90oq" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari