Andijonda katta shodiyona
Andijon shahridagi Alisher Navoiy nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘i amfiteatrida Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan badiiy-musiqiy, teatrlashtirilgan bayram tadbiri O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi sadolari bilan boshlandi.
Viloyatning barcha tuman va shaharlaridan taklif etilgan davlat, jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalari vakillari, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan andijonliklar, mehnat faxriylari, harbiylar, faol yoshlar ishtirokida o‘tgan bayram tadbirida so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov barcha andijonliklarni mustaqillikning o‘ttiz uch yillik bayrami bilan muborakbod etib, mustaqillik yillarida mamlakatimizda, xususan, viloyatda qurilish, bunyodkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, jamiyat hayotining barcha jabhalarida, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligini ta’kidladi.
[gallery-19019]
– Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda hayotimizda, shuurimizda yuz berayotgan o‘zgarishlar andijonliklarni yanada yuksak marralar sari ilhomlantirmoqda, – deydi viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov. – Bu mehnatlarimiz, erishayotgan natijalarimizda o‘z aksini topmoqda.
Xususan, viloyatimizda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish 2016 yilda 16 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, keyingi yillarda olib borilgan ishlar natijasida joriy yilning boshiga kelib, hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 76 trillion so‘mga yetdi. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish, xizmat ko‘rsatish sohalaridagi o‘sish uch barobarga ortdi. Ta’kidlash joizki, ulkan qurilish maydoniga aylangan viloyatda yangi-yangi korxona, turarjoylar, yo‘l va ko‘priklar, infratuzilma ob’ektlari, ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi.
Ayniqsa, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish borasida salmoqli ishlar olib borildi. Jumladan, 2020 yilda viloyatda ishsizlar soni 150 ming nafarni, ishsizlik darajasi 11 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib, ishsizlar soni 58 ming nafarga, ishsizlik darajasi esa 6 foizga tushirildi.
Kambag‘allikni qisqartirish borasida ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2021-2023 yillarda aholining kambag‘allik darajasi 21,1 foizdan 11,9 foizga tushirilib, kambag‘allik ikki barobarga qisqardi. Joriy yilning oxiriga qadar 27 ming oilaning 101 ming nafar a’zosini kambag‘allikdan chiqarish hisobiga kambag‘allik darajasini 8,7 foizga tushirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
So‘nggi uch yil davomida viloyatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida umumiy qiymati 31 trillion so‘mdan ziyod bo‘lgan 2 mingga yaqin loyiha amalga oshirilishi hisobiga 113 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Joriy yilda qiymati 12 trillion so‘mlik 326 ta yangi loyihani amalga oshirish hisobiga yana 30 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mustaqillik bayrami munosabati bilan viloyatda ham 100 dan ortiq yangi ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish ob’ekti ishga tushiriladi. Xususan, kuni kecha viloyatning 5 ta hududida umumiy qiymati 60 milliard so‘mga teng angar usulida ishlab chiqarish majmualari ishga tushirildi. Natijada 3 mingta yangi ish o‘rni, 3 ming nafar kishining doimiy daromad manbai yaratildi.
Mamlakatning iqtisodiy rivojida xorijiy investitsiyalarning o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi. Viloyatda bu borada ham salmoqli ishlar olib borilmoqda. Keyingi 3 yil ichida qariyb 1,5 milliard dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘zida 1,7 milliard dollar qiymatdagi xorijiy investitsiyani o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Hozirga qadar 700 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirildi.
Viloyatdagi eksportyor korxonalar tomonidan keyingi ikki yil ichida 2 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda eksport xajmini 1 milliard dollarga yetkazish belgilangan. Bugungi kunga qadar esa 350 ming dollarlik mahsulotlar eksport qilindi.
Olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari natijasida Andijon respublikamizning eng obod, ko‘rkam hududlarida biriga aylandi. Viloyatda keyingi yillarda investitsiya va boshqa dasturlar doirasida 4,5 trillion so‘mlik 865 ta ob’ektda qurilish, ta’mirlash ishlari bajarildi. Ko‘plab yangi-yangi ob’ektlar barpo etildi.
Yoshlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, sport bilan shug‘ullanishi uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish maqsadida Andijon shahridagi “Universal sport” majmuasi qurilishi yakuniga yetmoqda. Jahon standartlariga to‘la javob beruvchi, xalqaro darajadagi sport musobaqalari o‘tkazish imkoniga ega ushbu majmuada bir vaqtning o‘zida 500 nafardan ortiq yosh sportning 17 turi bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘ladi.
Aholini uy-joy, ayniqsa, arzon uy-joy bilan ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, 2016-2024 yillar davomida 34 mingdan ortiq xonadonga ega 1 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy-joy qurildi. “Yangi Andijon” shahrini barpo etish borasidagi ishlar jadal olib borilmoqda.
Viloyat hokimi viloyatda juda ko‘p sohalarda e’tiborga molik ishlar olib borilayotganligi, umuman, andijonliklar mustaqillikning o‘ttiz uch yillik to‘yini o‘ziga xos yutuqlar bilan nishonlayotganligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Prezidentimiz farmoniga asosan turli davlat mukofotlari bilan taqdirlangan bir guruh andijonliklarga orden va medallar, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Tadbirning badiiy qismida bolajonlar, sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, badiiy jamoalar, milliy-madaniy markazlar vakillari, taniqli san’atkorlar, estrada xonandalari tomonidan ijro etilgan raqs, kuy va qo‘shiqlar barchaga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.
Yurtdoshlarimizga bayram shukuhini hadya etayotgan bu kabi tantanalar viloyatning barcha tuman va shaharlari, mahallalari, mehnat jamoalarida bo‘lib o‘tmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari