Andijonda bahor tarovati: pavlovniya gullari shaharga husn bag‘ishlamoqda
FOTOREPORTAJ
Andijon shahrida bahor fasli o‘zining nafosati bilan yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Ko‘chalar, xiyobonlar va istirohat bog‘lari tabiatning betakror libosiga burkanib, aholiga ko‘tarinki kayfiyat ulashayotir. Ayniqsa, bu kunlarda pavlovniya daraxtlarining gullashi shaharga alohida joziba bag‘ishlamoqda.
Binafsha rangli, nozik va xushbo‘y gullarga burkangan pavlovniya daraxtlari ko‘chalarga o‘ziga xos fayz kiritib, tabiatning nafis manzarasini yaratgan. Bu go‘zal manzaralar qarshisida fuqarolar, ayniqsa yoshlar to‘xtab, ularni suratlarga muhrlashmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, pavlovniya nafaqat manzarabop daraxt, balki ekologik jihatdan ham ahamiyatli bo‘lib, havoni tozalash va atrof-muhitni sog‘lomlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois so‘nggi yillarda shaharni obodonlashtirish ishlari doirasida ushbu daraxt turini ekishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-28413]
Andijonliklar uchun bahor fasli yangilanish va go‘zallik timsoli hisoblanadi. Pavlovniya gullari bilan bezangan ko‘chalar esa bu faslning o‘ziga xos ifodasiga aylanib, shahar mehmonlarida ham iliq taassurot qoldirmoqda.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA