Amudaryolik fermerlarning paxta xirmoni yuksalmoqda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani fermer xo‘jaliklari dalalarida mohir terimchilar xirmon bunyod etish, oilalariga daromad keltirish maqsadida astoydil harakat qilmoqda.
Oq oltin ovulidagi Rashid Qutlimurodov rahbarlik qilayotgan “Saparboy Qodir” fermer xo‘jaligi tumanda birinchilardan bo‘lib paxta yig‘im-terimiga kirishgan edi. Xo‘jalikdagi 48 gektar yerda “Mang‘it-1” navli paxta yetishtirildi. Bugunga kelib ushbu xo‘jalik dalalaridan 40 tonnadan ziyod birinchi navli paxta terib olindi. Hosildorlik gektaridan 30 sentnerni tashkil qilmoqda. Xo‘jalik terimchilari bir kunda 6-8 tonna hosil topshirib, tuman “oq oltin” xirmoni yuksalishiga munosib hissa qo‘shishmoqda.

Joriy yilda tumanda paxta xom ashyosi yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari uchun barcha sharoit yaratildi. Urug‘lik chigit, mineral o‘g‘it, yonilg‘i-moylash mahsulotlari o‘z vaqtida dala boshiga yetkazilib berildi. Fermer xo‘jaliklari texnika ta’minoti yaxshilandi. Chigit zamonaviy seyalkalar yordamida yerga qadaldi. Ana shu omillar va suvdan oqilona foydalanish, fermer xo‘jaligi dalalarida mehnat qilgan dehqonlarning fidokorona mehnati evaziga dalalarda mo‘l hosil to‘plashga erishildi.
Klaster korxonasi – mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Amudaryotex” xorijiy korxonasi tomonidan 352 ta fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzilgan. Jami 13 ming 900 gektar paxta dalalarida hosildorlikni 32,2 sentnerga, yalpi hosilni 44 ming 755 tonnaga yetkazish mo‘ljallangan.

Tumanda 2022 yil paxta yig‘im-terimini optimal muddatlarda amalga oshirish maqsadida chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Shunga ko‘ra 290 ta terim otryadi tashkil qilinib, ularga tajribali xo‘jalik faollaridan iborat rahbarlar tayinlandi.
Otryadlarga paxta to‘qimachilik va fermer xo‘jaligining 9 ming 283 nafar ishchisi, 13 ming 983 nafar uyushmagan aholi, jami 23 ming 266 nafar terimchi jalb qilingan. Terimchilarga o‘z vaqtida terim pullarini berib borishni tashkil qilish maqsadida bank xodimlari biriktirildi. Yig‘im-terim ishlarida 260 ta paxta tashish texnikasi, 535 ta tirkama qatnashtirilmoqda. Shuning natijasida bugungi kunga 6200 tonnadan ortiq paxta topshirildi.
Yuksak xirmon barpo etish istagida paxta terimini jadal davom ettirayotgan “Saparboy Qodir” kabi fermer xo‘jaliklar soni tumanda kundan-kunga ortib bormoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA