Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Amir Temur xiyoboniga tashrif buyurib, ulug‘ vatandoshimiz, mashhur davlat arbobi, yengilmas sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘ydi.
Shu kunlarda Vatanimizda katta bayram, katta shodiyona – Amir Temur bobomizning 690 yilligi keng nishonlanmoqda. Bu qutlug‘ sana munosabati bilan mamlakatimizda ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy va madaniy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Amir Temur XIV asrda, g‘oyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, Vatan ozodligi yo‘lida ulkan jasorat ko‘rsatgan buyuk tarixiy shaxsdir. U asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Sohibqironning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganib kelinmoqda. Turli mamlakatlarda Amir Temur va temuriylarga bag‘ishlab minglab badiiy, ilmiy va san’at asarlari yaratilgani, bu ishlar bugun ham davom etayotgani uning tarixiy siymosi va merosi nechog‘liq beqiyos ekanidan dalolat beradi.

Xalqimiz muqaddas yurtimiz zaminidan shunday ulug‘ zot yetishib chiqqani bilan doimo faxrlanib, g‘ururlanib yashaydi. Ayniqsa, bugungi kunda – Yangi O‘zbekiston sharoitida Amir Temur va temuriylar tarixi va merosini chuqur o‘rganish har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu shonli sulola tomonidan yaratilgan temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uyg‘onish davri poydevorini yaratishda xalqimiz uchun ishonch, ilhom va kuch-g‘ayrat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Amir Temurning “Kuch – adolatda”, “Adolat bilan jahon gulshani obod bo‘ladi” degan dono o‘gitlari bugun yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda o‘ziga xos dastur va amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Sohibqiron merosi nafaqat xalqimizning shonli o‘tmishi, balki bugungi taraqqiyotimiz va kelajak maqsadlarimiz bilan ham uzviy bog‘liqdir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda Amir Temur va temuriylar merosini chuqur o‘rganish, uni yurtimiz va xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Amir Temurning 690 yilligi munosabati bilan alohida qaror qabul qilinib, keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, har yil aprel oyini mamlakatimizda Amir Temur oyligi sifatida o‘tkazish belgilandi. Ijodkorlar tomonidan yangi ilmiy va badiiy kitoblar, film va spektakllar, tasviriy san’at asarlari yaratilmoqda. Xususan, mashhur “Temur tuzuklari” asari yangitdan nashr etildi. Yurtimizda ulug‘ bobomiz nomi bilan atalgan davlat mukofotlari, maydon va xiyobonlar, ta’lim va madaniyat maskanlari mavjud. Hududlardagi “Temurbeklar maktablari” esa yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalashda o‘ziga xos namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.

Shu kunlarda poytaxtimizda Amir Temur va temuriylar Renessansiga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilayotgani ham ushbu ezgu ishlar izchil va tizimli davom etayotganining yorqin tasdig‘idir. Unda yurtimiz olimlari bilan bir qatorda dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan atoqli tarixchilar, shoir va adiblar, madaniyat va jamoat namoyandalari ishtirok etmoqda.
Bugun mamlakatimizda Sohibqiron o‘gitlariga amal qilib, adolatli davlat qurish, muhtojlarga yordam berish, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-ma’rifat va bunyodkorlikni rivojlantirish, dunyoga ochiq bo‘lib, turli mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jihatlar ham Amir Temur merosining bugungi hayotimizdagi dolzarb ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.

O‘zligimizni anglash, boy tariximizni tiklash va ajdodlarimiz merosini kelajak avlodga yetkazish maqsadida keyingi yillarda yirik ma’naviy-ma’rifiy maskanlar barpo etildi. Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy majmuasi bunyod etildi. Shular qatorida bundan 30 yil oldin qurilgan Temuriylar tarixi davlat muzeyi ham zamonaviy talablar asosida tubdan qayta ta’mirlandi. Endi ushbu maskan ilmu ma’rifat, innovatsion tafakkur, yangi g‘oyalar va tadqiqotlar markaziga aylanmoqda. Bu yerda barcha zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lib, mazkur dargoh el-yurt, ayniqsa, yosh avlodni milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Tadbir davomida Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatilib, haykali poyiga gullar qo‘yildi.

Ma’lumki, Sohibqiron Amir Temur qayerda bo‘lmasin, bog‘u rog‘lar barpo etishga, har bir qarich yerni obod qilishga katta ahamiyat qaratgan. Ana shu bunyodkor an’analarning uzviy davomi sifatida Amir Temur xiyobonida ham katta obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Tadbir yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev xiyobonda ko‘chat ekdi.