Amir Temur va temuriylar davri harbiy san’ati strategiyasi (+video)
Xabaringiz bor, yurtimiz bo‘ylab buyuk davlat arbobi va sarkarda, Ikkinchi Uyg‘onish davri — Temuriylar Renessansi bunyodkori Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi keng nishonlanmoqda.
Shunday tadbirlarning biri O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida buyuk sarkarda tavalludiga bag‘ishlangan “Amir Temur va temuriylar davri harbiy san’ati strategiyasi” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur ilmiy anjuman Sohibqiron Amir Temurning beqiyos harbiy-ma’muriy salohiyati, uning yuksak strategik tafakkuri, jang olib borish san’ati, qo‘shin tuzilmasi, harbiy boshqaruv tamoyillari hamda temuriylar davrida shakllangan harbiy an’analarning tarixiy, ilmiy va ma’naviy ahamiyatini chuqur tadqiq etishga qaratilgan. Konferensiya doirasida Amir Temur merosining nafaqat milliy tariximiz, balki jahon harbiy san’ati taraqqiyotidagi alohida o‘rni xolis ilmiy yondashuvlar asosida atroflicha tahlil qilindi.
Ilmiy anjumanda tarixshunoslik, harbiy strategiya, manbashunoslik, ma’naviyat va vatanparvarlik tarbiyasi yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan respublikamizning etakchi tarixchi olimlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar, mustaqil izlanuvchilar, doktorantlar, magistrantlar va sohaga qiziquvchi keng ilmiy jamoatchilik vakillari ishtirok etishishdi.
Ushbu konferensiya buyuk ajdodimiz Amir Temur va temuriylar davri harbiy san’ati tarixini chuqurroq o‘rganish, milliy davlatchilik an’analarini ilmiy asosda anglash, tarixiy xotirani mustahkamlash, shuningdek, yoshlarni ona Vatanga sadoqat, milliy g‘urur va tarixiy merosga hurmat ruhida tarbiyalash yo‘lida muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/JjLy0tQ8YXk?si=-VQAKUn7pxctXilb" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Iskandar Ismatov, O‘zA