Amir Temur va Bobo Sungu: Andxuddagi tarixiy uchrashuvning siyosiy va ma’naviy mohiyati
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiyning boy ilmiy-adabiy merosi nafaqat so‘z san’ati, balki teran tarixiy mushohada manbai sanaladi. Muallif o‘z asarlarida voqelikni shunchaki qayd etmaydi. U davlatchilik ildizlari, sarkardalik mahorati va adolat mezonlarini chuqur tahlil qiladi. Olimning mashhur “Nasoyim ul-muhabbat” asari buning yaqqol isbotidir. Ushbu nodir manbada yetti yuz yetmish nafar ulug‘ shayxning hayot yo‘li bayon qilingan. Asardagi yetmish to‘qqiz o‘rinda hukmdorlar hayotiga oid nihoyatda haqqoniy, hayotiy manzaralar chiziladi. Navoiy davlat rahbarlarining adolatparvarligi, raiyat haqqini tanishi va haqiqatni anglash ehtiyojini birinchi o‘ringa qo‘yadi.
Adabiyotshunos olima Burobiya Rajabovaning qayd etishicha, asardagi tarixiy shaxslar qamrovi g‘oyat keng. Unda Husayn Boyqaro yigirma to‘qqiz, Amir Temur va Shamsiddin Eltutmish uch o‘rinda keltiriladi. Shohrux Mirzo, Xorazmshoh Alovuddin Muhammad, Amir Sabuktegin va Sulton Muhammad Xalaj haqida ikki marotabadan ma’lumot berilgan. Ulug‘ mutafakkir faqat Movarounnahr yoki Xuroson bilan cheklanmaydi. U Sheroz, Hind, Rum, Iroq, Misr, Ozarbayjon hukmdorlari ta’rifini yaratadi. Bu orqali boshqaruv usullarini o‘zaro qiyoslaydi. Asardagi barcha podshohlar el xotirasida muhrlangan mutlaq tarixiy shaxslardir.
Navoiy Amir Temur shaxsiga alohida hurmat va xolislik bilan yondashadi. Mutafakkir Sohibqironning davlat boshqaruvidagi salohiyatini uch mustaqil o‘rinda ta’kidlaydi. Tarixiy bitiklarga ko‘ra, Amir Temur hukmdorlik ishida aql-u farosat, shijoat va bahodirlik kabi xislatlarni nihoyatda qadrlagan. Biroq u hech qachon faqat qilich kuchiga tayanmagan. Buyuk sarkarda puxta tadbir, o‘tkir aql va to‘g‘ri ra’yni hatto jang maydonidagi shijoatdan ham ustun ko‘rgan. Sohibqironning olamgirlik qobiliyati faqat harbiy yurishlarda emas, balki nozik ishoralarni teran anglashda ham namoyon bo‘lgan. Buyuk bobokalonimizning ana shu benazir tafakkuri Shayx Bobo Sungu ziyorati tasvirida butun bo‘y-basti bilan ochib beriladi.
Bobo Sungu o‘z davrining yetuk orifi, sohibi botin insoni edi. U Andxud qasabasida yashagan bo‘lib, muallif ta’biri bilan aytganda, zamon majzublaridan sanalgan. Ulug‘ zotlarning xatti-harakatlaridagi yashirin ramzlarni fahmlagan insonlar hamisha bemisl natijalarga erishgan. Bir ming uch yuz saksoninchi yillarning boshida Movarounnahr qo‘shini Xuroson o‘lkasi sari hal qiluvchi yurishga chiqadi. Bu ulkan harbiy rejaning mas’uliyatli bosqichi edi. Amir Temur Andxudga yetib kelgach, to‘g‘ridan-to‘g‘ri harbiy harakatlarga kirishmaydi. U avvalo Bobo Sungu huzuriga yo‘l olib, ulug‘ shayxning xizmatida bo‘ladi. Bu muhim qadam Sohibqironning ruhiy poklikka bo‘lgan yuksak e’tiqodini ko‘rsatadi.
Uchrashuv chog‘ida g‘oyat hayratlanarli va sermazmun holat yuz beradi. Hukmdor o‘tirgach, shayxning oldidagi dasturxonga oddiygina yaxna go‘sht tortiladi. Bobo Sungu hech qanday ortiqcha so‘z aytmasdan, qo‘yning yaxna to‘shini oladi. So‘ng ushbu go‘shtni kutilmaganda Amir Temur sari otadi. Bu zohiran tushunarsiz va hatto qo‘pol tuyulishi mumkin bo‘lgan keskin harakat edi. Ammo Sohibqiron o‘zining o‘tkir aql-zakovati bilan bu holatning tub mohiyatini darhol ilg‘ab oladi. U go‘shtni havodayoq tutib oladi. So‘ng yon-atrofidagilarga qarata shunday deydi: “Xurosonni yer yuzining ko‘ksi, ya’ni to‘shi debdilar. Ani Bobo bizga havola qildi”.
Bu hodisa shunchaki tasodif emas, balki teran mantiq va mustahkam ishonchning yorqin mevasi edi. Amir Temur shunday ulug‘vor bashoratdan so‘ng beqiyos quvvat bilan ruhlanib, qo‘shinni oldinga boshlaydi. Oqibatda Xuroson mulkini qisqa fursatda muvaffaqiyatli tarzda o‘z tasarrufiga kiritadi. Navoiy keltirgan ushbu nodir ma’lumot o‘zining haqqoniyligi va mustahkam tarixiy asosga egaligi bilan ajralib turadi. Qiziqarlisi shundaki, bu voqea boshqa manbalarda ham to‘laligicha o‘z tasdig‘ini topgan. Xususan, tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy o‘zining mashhur “Zafarnoma” asarida aynan shu holatni o‘ta aniqlik bilan sharhlaydi. Yazdiyning yozishicha, bu tarixiy uchrashuv Eron viloyatiga qo‘shin tortilgan tovuq yilida, ya’ni bir ming uch yuz sakson birinchi yilning bahor faslida sodir bo‘lgan.
“Zafarnoma” sahifalaridagi bayonga ko‘ra, hazrat Sohibqiron avji azimat bilan suvdan kechib o‘tib, Andxudga yetadi. U g‘oyat sidq va ixlos bilan avliyolardan bo‘lgan Bobo Sangu tavofiga boradi. Shayx o‘zidagi jazba holati bilan qo‘yning to‘shini hukmdor qoshiga tashlaydi. Amir Temur go‘shtni olib, “Xurosonkim, yer yuzining to‘shi turur, bizga Alloh bergusu turur”, deb xitob qiladi. Yazdiy ham bu voqeaning aynan shunday yakun topganini, sarkarda saodat va iqbol bilan muzaffariyat qozonganini yozadi. Har ikki manbadagi muvofiqlik tarixiy haqiqatning naqadar aniq ekanini ko‘rsatadi. Alisher Navoiy keyinchalik “Hayrat ul-abror” dostonida bu teran fikrni she’riy yo‘l bilan yana bir bor muhrlab qo‘yadi. Mutafakkir “Xuroson yer yuzining ko‘ksidir” degan majoziy sifatlashga alohida urg‘u berib, ko‘ngil qarorgohi bo‘lmish Hirotni uning pok yuragiga tenglaydi.
Tarix zarvaraqlaridagi mazkur hayotiy manzara ajdodlarimizning naqadar teran tafakkur egasi bo‘lganini yaqqol ko‘rsatib beradi. Shayxning majoziy qarashi va botiniy quvvatiga Amir Temur o‘zining mustahkam ixlosi hamda o‘tkir farosati bilan javob qaytardi. Ko‘p asrlik davlatchiligimiz tarixida ma’naviy yetuklik va siyosiy iroda hamisha yonma-yon, bir-birini to‘ldirib kelgan. Buyuk bobolarimiz yuksak aql-zakovat orqali eng murakkab vaziyatlarda ham odilona qarorlarni qabul qila olgan. Bunday shonli va hikmatga boy meros bugungi avlod qalbida milliy iftixor tuyg‘usini uyg‘otishi tabiiydir.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA