Amir Temur shaxsiyatining Sharq va G‘arb manbalarida yoritilishi
Markaziy Osiyo tarixida beqiyos o‘rin egallagan Sohibqiron Amir Temur shaxsi asrlar davomida Sharq va G‘arb olimlarining diqqat markazida bo‘lib kelgan. Uning davlat arbobi va yirik sarkarda sifatidagi faoliyati turli davrlarda turlicha talqin qilingan bo‘lsa-da, u haqidagi ilk va eng muhim ma’lumotlar Sharq tarixchilari tomonidan yozib qoldirilgan.
Keyinchalik esa Yevropa ilmiy va adabiy doiralarida ham Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish ortib, uning faoliyati keng tadqiq etila boshlandi. Shu jihatdan, Sohibqiron haqidagi manbalarni o‘rganish uning tarixiy o‘rnini yanada chuqurroq anglashga xizmat qiladi.
Nizomiddin Shomiy tomonidan yozilgan “Zafarnoma” rasmiy tarixiy asarlardan biridir. Unda Sohibqironning harbiy yurishlari, davlat boshqaruvi va siyosiy faoliyati batafsil bayon etilgan. Asar o‘z davrining muhim hujjati sifatida qayd etiladi. Shomiy Temur hayotini puxta bilgan, uning sarkardaligi va davlatchilik qobiliyati, diniy va dunyoviy fanlarga muhabbati haqida mustaqil tushunchaga ega bo‘lgan. Shu sababli, u voqealarni haqqoniy yoritgan va Amir Temur faoliyatiga xolisona baho berishga harakat qilgan.
Sharafiddin Ali Yazdiy tomonidan yaratilgan yana bir “Zafarnoma” esa Temuriylar davri tarixini yanada mukammal va badiiy uslubda yoritadi. Bu asar nafaqat tarixiy, balki adabiy qiymati bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, Ibn Arabshohning “Sohibqiron Amir Temur tarixi” asari muallifning voqealarga bevosita guvoh bo‘lgani bilan ahamiyatli. Ushbu asar Amir Temur va Temuriylar davriga oid muhim manba sifatida fransuz, lotin, turk va ingliz tillariga ham tarjima qilingan. Asarning o‘zbek tiliga tarjimasi 1992-yilda ikki jildda nashr etilgan edi.
Yevropa olimlarining Amir Temur shaxsiga qiziqishi XVI asrdan boshlab sezilarli darajada ortdi. 1553-yilda Italiyaning Florensiya shahrida italiyalik olim Perondinoning “Skifiyalik Tamerlanning ulug‘vorligi” asari nashr etildi. Bu asar Yevropada Sohibqiron haqida yozilgan ilk ilmiy tadqiqot sifatida tarixga kirdi.
Shundan so‘ng ispan tarixchisi Pero Meksikaning “Buyuk Temur tarixi” asari chop etildi. Unda Amir Temur faoliyati Yevropa tarixiy tafakkuri nuqtai nazaridan talqin qilinadi. 1582-yilda Sevilyada Klavixoning mashhur “Esdaliklar” asari nashrdan chiqdi. Klavixo Amir Temur saroyiga elchi sifatida tashrif buyurgan bo‘lib, uning yozganlari Sohibqiron davridagi saroy hayoti, siyosiy muhit va madaniyat haqida qimmatli ma’lumotlar beradi.
Shuningdek, ingliz dramaturgi Xristofor Morlo tomonidan yaratilgan “Buyuk Temur” sahna asari Amir Temur obrazini Yevropa adabiyotiga olib kirgan muhim badiiy asar hisoblanadi. Unda Sohibqiron kuchli irodaga ega shaxs sifatida tasvirlangan.
Keyingi asrlarda Amir Temur va Temuriylar tarixiga bag‘ishlangan tadqiqotlar soni ortib bordi. Bugungi kunda 30 dan ortiq mamlakatda 500 dan ziyod xorijiy tadqiqotchilar tomonidan Sohibqiron faoliyatiga oid asarlar yaratilgan. Bu esa uning shaxsi tarixiy fenomen darajasiga ko‘tarilganini ko‘rsatadi.
1968-yilda Ibrohim Mo‘minov tomonidan yozilgan “Amir Temurning O‘rta Osiyo tarixida tutgan o‘rni va roli” risolasining nashr etilishi bu mavzuga ilmiy qiziqishni yana jonlantirdi.
Bu asar Sohibqiron faoliyatiga nisbatan xolis va ilmiy yondashuvni tiklashga xizmat qildi. Amir Temur obrazi nafaqat tarixiy, balki badiiy asarlarda ham keng yoritilgan. Masalan, Abdulla Oripovning “Sohibqiron” dramatik dostoni Sohibqiron shaxsini milliy ruh va g‘urur timsoli sifatida tasvirlaydi. Shuningdek, Jumaboy Rahimovning “Buyuk davlat arbobi va ulug‘ sarkarda” asari Amir Temurning davlat boshqaruvi va harbiy san’atdagi o‘rnini ilmiy-ommabop tarzda yoritadi.
Amir Temur shaxsi turli davr va hududlarda turlicha baholangan bo‘lsa-da, uning jahon tarixidagi o‘rni nihoyatda yuksak. Sharq manbalarida u adolatli davlat arbobi va bunyodkor sifatida tasvirlangan bo‘lsa, Yevropa manbalarida ko‘proq qudratli sarkarda sifatida yoritilgan.
Bugungi kunda Amir Temur merosi nafaqat tarixiy, balki ilmiy va madaniy jihatdan ham chuqur o‘rganilmoqda hamda uning insoniyat sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni tobora keng e’tirof etilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA