Amir Temur merosi — milliy davlatchilikning mustahkam poydevori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan buyuk davlat arbobi va Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan joriy yil aprel oyi mamlakatimizda “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilindi.
Mazkur tashabbus milliy davlatchilik tarixini chuqur o‘rganish, Temuriylar davrining boy ilmiy-madaniy merosini keng targ‘ib etish hamda yosh avlod qalbida milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan muhim ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri hisoblanadi.

Shu munosabat bilan Texnik jihatdan tartibga solish agentligida “Amir Temur va temuriylar merosi” mavzusida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent kimyo xalqaro universiteti fakulteti dekani, texnika fanlari doktori, professor, temuriyshunos olim Akbar Zamonov hamda O‘zbekiston xalq artisti, 1992-yildan buyon Amir Temur obrazini sahnada gavdalantirib kelayotgan mahoratli aktyor Tesha Mo‘minov ishtirok etdi.

Professor Akbar Zamonov o‘z ma’ruzasida mustabid tuzum davrida nohaq qoralangan Amir Temur shaxsiyati mustaqillik yillarida tarixiy adolat asosida qayta tiklanganini alohida ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda Sohibqiron siymosi milliy davlatchiligimiz ramziga aylanib, xalqimizda o‘zlikni anglash, milliy qadriyatlarni tiklash va tarixiy xotirani mustahkamlashda muhim ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shuningdek, ma’ruza davomida Amir Temurning davlat boshqaruvidagi qat’iyatli siyosati, harbiy strategiyasi, adolat tamoyillariga asoslangan boshqaruv tizimi hamda Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va me’morchilikning yuksalishi haqida tarixiy faktlarga asoslangan qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi. Ta’kidlanishicha, Temuriylar davrida ilm-fan va madaniyat rivoji nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga ham katta hissa qo‘shgan.

Tadbir davomida ishtirokchilar Amir Temur va temuriylar davri merosi, davlatchilik an’analari hamda tarixiy shaxslarning ma’naviy merosini asrab-avaylash borasida fikr almashdi.
Qayd etilishicha, bunday ilmiy-ma’rifiy tadbirlar yosh avlod qalbida milliy tarixga hurmat, ajdodlar merosiga qiziqish va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, “Amir Temur oyligi” doirasida respublika bo‘ylab turli ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, davra suhbatlari va ilmiy anjumanlarni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA