Amir Temur — dunyo nigohida
Bugungi kunda jahon hamjamiyatida buyuk tarixiy shaxslar merosini qayta anglash, ularning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganishga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda. Ana shunday ulug‘ siymolardan biri — Amir Temur bo‘lib, uning boy siyosiy, harbiy va ma’naviy merosi bugun ham dunyo olimlari va keng jamoatchilik e’tibor markazida.
Kinematografiya agentligi matbuot xizmatiga ko‘ra, shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida kinoteatrlar orqali Amir Temur hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan filmlar namoyish etilmoqda. Ushbu tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Xususan, Ispaniyaning Madrid shahrida namoyish etilayotgan “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” badiiy filmi “Tirik tarix” filmlar dasturi asosida suratga olingan. Unda Amir Temur saltanatining Yevropa davlatlari bilan diplomatik va elchilik aloqalari, o‘sha davrdagi siyosiy munosabatlar, madaniy hamkorlik va o‘zaro ta’sir jarayonlari badiiy hamda hujjatli asosda yoritib berilgan.
Mazkur film nainki tarixiy voqealarni qayta jonlantiradi, balki o‘sha davr ruhini, xalqlar o‘rtasidagi munosabatlar mohiyatini chuqur his etish imkonini ham yaratadi.
Joriy yilning 17-aprel kuni Amerika Qo‘shma Shtatlarida yuqori saviyada namoyish etilgan mazkur film Madrid shahrida ham katta qiziqish bilan kutib olindi.

Namoyishlarda O‘zbekiston delegatsiyasi — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, film ssenariy muallifi Xayriddin Sultonov, rejissyor Yolqin To‘ychiyev, bosh rol ijrochisi Jessika Mayt Drosiunas hamda Kinematografiya agentligi mas’ul xodimlari va temurshunos olimlar ishtirok etmoqda.
Tashrifning asosiy maqsadi o‘zbek kino ijodkorlari tomonidan yaratilgan “Tirik tarix” filmlar dasturiga kiritilgan “Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmini Yevropaning nufuzli madaniy markazlarida keng namoyish etish, xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlash va milliy tariximizni jahon hamjamiyatiga yanada yaqinroq tanitishdan iborat.
Film mazmuni alohida e’tiborga molik. Unda Sohibqiron hayotining keng jamoatchilikka kam ma’lum bo‘lgan sahifalari yoritilgan. Jumladan, asarda Amir Temurning Mojariston malikasi Donna Mariyani Turk sultoni Boyazid Yildirim zulmidan ozod etishi haqidagi voqea badiiy talqin qilingan. Bu hodisa nafaqat tarixiy voqelik, balki ramziy jihatdan Yevropa xalqlarining erkinlikka intilishi, adolat va insonparvarlik g‘oyalarining ifodasi sifatida ham talqin etiladi.
Madrid shahrida bo‘lib o‘tgan namoyishda Ispaniyada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Namoyish yakunida film xorijlik tomoshabinlarda katta taassurot qoldirgani, ayniqsa, Amir Temur shaxsiga bo‘lgan qiziqish yanada oshgani ta’kidlandi.

Tashrif doirasida o‘zbek va ispaniyalik kino ijodkorlar o‘rtasida qator ijodiy uchrashuvlar va muloqotlar ham tashkil etilmoqda. Xususan, yozuvchi Xesus Sanchez Adalid hamda ssenariynavis Alexandro Olivera bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, asarning g‘oyaviy mazmuni va tarixiy asoslari yuzasidan fikr almashildi.
Ushbu muloqotlarda kino va adabiyot orqali yosh avlodni ma’naviy tarbiyalash, umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib etish, tarixiy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazish masalalari keng muhokama qilinmoqda.
“Ulug‘ Amir va Donna Mariya” filmi Buyuk Britaniyaning London shahrida, shuningdek, Ispaniyaning Barselona shahri kinoteatrlarida ham namoyish etilishi rejalashtirilgan.
Bunday xalqaro madaniy tadbirlar nafaqat milliy kino san’atimizning yutuqlarini namoyon etadi, balki O‘zbekistonning boy tarixi va madaniyatini jahon sahnasida munosib tarzda targ‘ib qilishga xizmat qiladi.
Madrid shahrida o‘tkazilgan “Ulug‘ Amir va donna Mariya” badiiy filmi premerasi doirasida film ijodkorlari hamda bosh rol ijrochilari ommaviy axborot vositalariga intervyu berib, loyiha yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari ham film haqida o‘zlarining iliq va ijobiy fikrlarini bayon etdi. Ular filmning mazmun-mohiyati, tarixiy ahamiyati va badiiy yondashuvini yuqori baholadi.
Intervyular davomida film ijodkorlari va aktyorlar kartinaning yaratilish jarayoni, obrazlar talqini hamda uning xalqaro ahamiyati haqida so‘z yuritib, Amir Temur siymosini yangi qirralarda ochib berishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Shuningdek, ishtirokchilar ushbu film O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda keng targ‘ib etishga xizmat qilishini e’tirof etdi.
N.Usmonova, O‘zA