Amalga oshmagan qora niyat
Giyohvandlik moddasini iste’mol qilish, uni yetishtirish, tarqatish og‘ir jinoyatlardan biri ekanligi hech kimga sir emas. Ushbu jinoyatni sodir etganlar uchun jazo muqarrar. Ammo ular tufayli ruhiy iztirob chekadigan, moddiy va ma’naviy zarar ko‘radiganlarda nima ayb?
39 yoshli Nizam Baxtiyorov oilali, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi bor. Bu farzandlar endi roppa-rosa 7 yil ota mehrini ko‘rolmay, diydoridan to‘yolmay yashaydi. Ilgari sudlanmagan bu shaxsni jinoyat olamiga va sudning qora kursisiga o‘tirishga aynan giyohvandlik majbur qildi.
Qozonga yaqin yursang qorasi yuqadi, deb bekorga aytishmagan. Uning sherigi fuqaro Qurbon Sheraliyev yosh bo‘lsa ham giyohvandlik bilan ko‘p yillar muqaddam “oshno” bo‘lgan. U turli jinoyatlar uchun hozirgacha to‘rt marta sudlanishga ulgurgan. Ilk bor 16 yoshida jinoiy jazoga tortilgan fuqaro Q.Sheraliyev bu gal sudning qora kursisiga aynan giyohvandlik moddasi sabab o‘tirishga majbur bo‘ldi. Bu jinoyatga fuqaro Nizam Baxtiyorovni ham sherik qildi.
Ancha yillardan buyon giyohvandlik moddalarini iste’mol qilish bilan birga tarqatish bilan bog‘liq og‘ir jinoyatni sodir etgan bu shaxslar Qashqadaryo va qo‘shni viloyatlarda qancha insonlarni zaharlaganliklarini hisobiga yetish qiyin. Ammo ular Buxoro viloyati hududiga o‘z qora niyatlari bilan tashrif buyurganlarida yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Amalga oshirmoqchi bo‘lgan niyatlariga yetolmadi, g‘arazli rejasi amalga oshmadi.
Sudda ularning qilmishlari ko‘rib chiqildi va jinoyatchilarning har biri 7 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.
Z.Qurbonov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi sudyasi.
M.Aripov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qorovulbozor tumani sudi raisi.
(Z.Komilov)