Alisher Navoiy, Bobur tilining jahondagi timsoli
“Turkiston” saroyida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi vakillari, turli idora va tashkilotlar, vazirliklarning mutasaddilari, oliy ta’lim dargohlarining professor-o‘qituvchilari, olimlar, yozuvchi va shoirlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

Darhaqiqat, bugun jahonda 50 milliondan ortiq inson ona tilimiz – o‘zbek tilida so‘zlashmoqda. Mamlakatimizda o‘zbek tilining rivoji, uning taraqqiyot yo‘liga xizmat qiluvchi Konsepsiya ishlab chiqilgan bo‘lib, mazkur hujjat izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Ta’lim maskanlarida o‘zbek tilini o‘qitish va o‘rgatishga oid ishlarni zamon ruhiga hamohang tarzda yo‘lga qo‘yishga dolzarb masala sifatida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ma’naviyat va davlat tilini rivojlantirish masalalari departamenti tomonidan ona tilimiz targ‘ibotiga oid turli ijodiy loyihalar, tanlovlar, anjumanlar o‘tkazilmoqda, yangi kitoblar, qo‘llanmalar, lug‘atlar chop etilmoqda.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid sana munosabati bilan Prezidentimizning O‘zbekiston xalqiga bayram tabrigi ona tilimiz rivoji yo‘lida yangi istiqbollarni ochib berishini ta’kidladi.
– Davlatimiz rahbarining tabrigini katta hayajon bilan tingladik, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. – Unda ona tilimiz rivojiga doir dolzarb vazifalar ifodalangan. Yangi O‘zbekiston atalmish go‘zal Vatanimizni barpo etar ekanmiz, millat tili davlat tili, davlat tili millat tili bo‘lgunicha, neki savdolarni boshidan kechirgani barchamizga ayon. Bobolarimizning so‘zlari hikmat barobarida tilimizni asrash borasidagi da’vat hamdir. Davlatimiz rahbari tomonidan tilimiz rivoji yo‘lidagi ilg‘or tashabbuslar hayotga izchil joriy etilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Xalqaro mukofotning ta’sis etilgani, “Turkiy adabiyot durdonalari” to‘plamining nashr etilgani ona tilimiz ravnaqiga xizmat qiladi. Adiblar xiyobonining bunyod etilgani yangi zamonlar timsoli sifatida namoyon bo‘lmoqda. Shoir va yozuvchilarimiz jahon mamlakatlarida bo‘lib o‘tayotgan adabiy anjumanlarda iftixor bilan ishtirok etmoqda. Bu yil tavallud sanasining 110 yilligi keng nishonlanayotgan Usmon Nosir o‘zining she’rlarida tilimiz rivojiga oid iztirobli satrlarni bitgan. Shunday ekan, ona tilimizni e’zozlash barchamizning muqaddas burchimizdir.

Tadbirda ozarbayjonlik navoiyshunos olima Almaz Ulvi Binnatovaning onlayn tabrigi ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.
– O‘zbek tili jahonda Navoiy tili, Bobur tilining o‘ziga xos timsolidir, – dedi ozarbayjonlik olima Almaz Ulvi Binnatova. – O‘zbek tili bayrami turkiy dunyoning ham katta bayramidir. Qardosh o‘zbek xalqi bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarimiz adabiyot, til sohasida ham ravnaq topib bormoqda. Alisher Navoiy turk dunyosi adabiyotining tojidir. Adabiyot – katta, muqaddas maydon. Bu maydonda doim izlanmoq, o‘rganmoq, ona tilini rivojlantirmoq, asramoq kerak.
O‘zbekiston xalq artisti Muhammadali Abduqunduzov Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, faoliyatiga oid monologni o‘qib berdi.

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, Yoshlar ishlari agentligi direktorining Davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Mehrinoz Abbosova, adiba Ma’mura Zohidova o‘zbek tilining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va mavqeini tobora kuchaytirishga katta e’tibor qaratilayotgani, badiiy mukammal asarlar, lug‘atlar yaratish, internetda o‘zbek tiliga oid segmentning tobora boyitilishi tilimizni rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Jahonning turli universitetlarida tahsil olayotgan, yurtimizdagi oliy ta’lim dargohlarida bilim olayotgan talabalarning o‘zbek tilidagi tabriklari, atoqli shoirlarimizning ijod namunalaridan o‘qib bergani tadbirga yanada o‘zgacha samimiyat bag‘ishladi.
Tantanada mamlakatimizda uchinchi marta o‘tkazilayotgan “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” respublika tanlovining turli yo‘nalish va nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib va sovrindor bo‘lgan tashkilotlar, idoralar vakillari qimmatbaho sovg‘alar va diplomlar bilan taqdirlandi.

– Ushbu tanlovda Zarafshon shahri “Eng namunali hudud” yo‘nalishida birinchi o‘rinni oldi, – dedi Navoiy viloyati hokimi maslahatchisi Qobiljon Astonov. – Davlat tilida ish yuritish, tashqi reklamalar, peshlavha va e’lonlar, chaqiruv belgilarini lotin alifbosiga asoslangan o‘zbek tilida yozilishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda ta’lim maskanlarida o‘zbek tilining o‘qitilishini davr ruhiga monand tarzda yo‘lga qo‘yish, yoshlar ongiga ona tilimizga bo‘lgan hurmat tuyg‘ularini singdirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Bu boradagi ishlarni kelgusida ham izchil davom ettirib boramiz.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Odil Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova ishtirok etdi.
San’at ustalari ijrosidagi katta konsert dasturi namoyish etildi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbiri