Aliment uchun 347 million so‘m to‘landi
Majburiy ijro byurosi tomonidan aliment undirish haqidagi ijro hujjatlari bo‘yicha dolzarb o‘n kunlik o‘tkazilmoqda.
Byuroning Samarqand viloyatidagi tuman va shahar bo‘limlari ham mazkur tadbir doirasida undiruvchi va qarzdorlar bilan faol ishlamoqda. Bu esa aliment bilan bog‘liq ijro harakatlari samaradorligini oshirmoqda. Jumladan, MIB Paxtachi tumani bo‘limi tomonidan olib borilayotgan ishlar natijasida bir holatda qarzdordan undiruvchi foydasiga 347 million so‘m aliment puli undirib berildi.
Bo‘lim davlat ijrosichisi Fayoz Abdujabborovning ma’lum qilishicha, fuqarolik ishlari Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2021 yil 11 oktyabrdagi qaroriga asosan qarzdor A.A.dan undiruvchi L.I.ning foydasiga to‘rt nafar farzandining ta’minoti uchun ikkidan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Mazkur ijro hujjatiga asosan qarzdor aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lamagach, uning barcha mol-mulklari aniqlanib, taqiq qo‘yilgan. Shundan so‘ng qarzdor farzandlarini o‘ylab, ular voyaga yetguniga qadar to‘lashi kerak bo‘lgan pulni hisoblab, 347 million so‘m aliment pulini to‘lab berdi.
G‘.HASANOV, O‘zA