Alibaba Cloud bilan hamkorlik mahalliy AI mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladi
Xitoyning Shanxay shahrida o‘tayotgan Butunjahon sun’iy intellekt konferensiyasi doirasida raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalaridan biri — Alibaba Cloud rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (Data Center), zamonaviy raqamli infratuzilmani rivojlantirish hamda yuqori malakali IT mutaxassislarini tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
Alibaba Cloud vakillari kompaniyaning sun’iy intellekt sohasidagi so‘nggi ishlanmalari, ilg‘or AI modellari, bulutli xizmatlari va ushbu texnologiyalarni hayotning turli sohalariga joriy etish tajribasi haqida ma’lumot berdi. Ular O‘zbekistonda yoshlar salohiyati, tez sur’atlarda rivojlanayotgan raqamli bozor va sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Sherzod Shermatov bugungi kunda mamlakatimizda Alibaba Cloudning ochiq sun’iy intellekt modellari va texnologiyalaridan foydalanayotgan mahalliy kompaniyalar soni ortib borayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, inson kapitalini rivojlantirish, mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish va sun’iy intellekt sohasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish muhim ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda Data Centerlarni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, jumladan, “yashil” energiya asosidagi infratuzilma imkoniyatlari haqida ham ma’lumot berildi.
Tomonlar mamlakatda sun’iy intellekt infratuzilmasini bosqichma-bosqich rivojlantirish, mahalliy dasturchilar va korxonalar uchun zamonaviy AI platformalari imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, UZINFOCOM va UNICON-SOFT muhandislik jamoalari bilan hamkorlikda yangi avlod mutaxassislarini tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Ayniqsa, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa muhim tarmoqlarda sun’iy intellekt yechimlarini ishlab chiqish va joriy eta oladigan muhandislar jamoasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kuchaytirish, davlat idoralari va biznes ehtiyojlariga mos sun’iy intellekt yechimlarini yaratish ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Uchrashuv yakunida loyihalarni Sun’iy intellektni rivojlantirish markazi muvofiqlashtiruvida amaliy bosqichga olib chiqish, texnik jamoalar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda dastlabki natijalarni joriy yil sentabr oyida o‘tkaziladigan ICT Week Uzbekistan doirasida namoyish etish rejalashtirildi.
Bundan tashqari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sun’iy intellekt agentlari va amaliy AI yechimlarini joriy etish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilindi.
Nigora Rahmonova, O‘zA