Akmal Saidovning Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 21-fevral kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Akmal Saidov 21-fevral kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug saylov komissiyasining raisi M.Daminov ochdi. Prezidentlikka nomzodning ishonchli vakili S.Raupov yig‘ilganlarni nomzodning tarjimai holi bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda Prezidentlikka nomzod Akmal Saidov o‘z saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Nomzodning saylovoldi dasturida yuksak estetik qimmatga ega bo‘lgan milliy hunarmandlik turlarini qayta tiklash va rivojlantirish, milliy badiiy maktablarning an’analarini saqlab qolish, yoshlar ongini xalqimizga yot bo‘lgan “ommaviy madaniyat”ning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida yoshlarni milliy tiklanish g‘oyasi, milliy madaniyat va qadriyatlarni e’zozlash ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat tilini boyitish va yanada takomillashtirish, til madaniyati va uning maqomini, muomala madaniyatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, ommaviy muomalada o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini olishga qaratilgan aniq maqsadli ishlar olib borish muhim vazifalar qatorida qayd etilgan.
Uchrashuvda Buxoro davlat universiteti dotsenti O‘.Ochilov va boshqalar nomzodning saylovoldi dasturi xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, saylovchilarni 2015-yil 29-mart kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.