Akademiya kursanti xalqaro musobaqa chempioni bo‘ldi
O‘zbekiston Funksional ko‘pkurash (Krossfit) federatsiyasi hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligi hamkorligida “Meros RACYe – 2026” xalqaro musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqada yakkalik, jamoaviy va miks yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston, Qozog‘iston hamda Qirg‘iz Respublikalaridan tashrif buyurgan 500 nafardan ortiq sportchilar o‘zaro bellashdi.

Musobaqa davomida ishtirokchilar murakkab to‘siqlar, yuqori intensivlikdagi mashqlar hamda tezkorlik va chidamlilikni talab etuvchi shartlarni bajarib, o‘zlarining jismoniy va ruhiy tayyorgarligini namoyon etdi.

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, yakkalik bahslarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi Harbiy va jismoniy tayyorgarlik kafedrasi dotsenti, kapitan Rustam Choriyev murabbiyligida akademiyaning 3-o‘quv kursi kursanti Xamra Masharipov munosib ishtirok etib, barcha raqiblarini ortda qoldirib, faxrli 1-o‘rinni egalladi.

Musobaqa yakunida Xamra Masharipov tashkilotchilar tomonidan oltin medal hamda pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, u kelgusida o‘tkaziladigan xalqaro turnirlarda ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA