Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishda yangi tizim ishga tushmoqda
Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlash tizimining barqarorligini oshirish, suyultirilgan gaz resurslaridan samarali foydalanish, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining shaffofligi va manzilliligini ta’minlash, davlat ishtirokidagi korxonalar zimmasiga yuklangan kvazifiskal majburiyatlarni bosqichma-bosqich qisqartirish hamda mazkur sohaga bozor mexanizmlarini joriy etish uchun huquqiy va institutsional asoslarni yaratish maqsadida aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda. Bu borada 2026-yil 12-sentabrda “Aholini suyultirilgan gaz bilan ta’minlash tizimini isloh qilish va bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Bugungi kunda Navoiy viloyatida 107 ming 187 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud bo‘lib, ularning 107 ming 113 tasini aholi iste’molchilari tashkil etadi. Ularga maishiy gaz ballonlarni halol va shaffof yetkazib berish, korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida Fae ID tizimi orqali xizmat ko‘rsatiladi.
Endilikda Prezident qaroriga asosan mavjud resurslardan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘ygan holda suyultirilgan gazni aholiga o‘z vaqtida yetarli miqdorda bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish asosida yetkazib berish yo‘lga qo‘yiladi. Buning uchun “Hududgazta’minot” AJ ta’sischiligida “LPG-Trade” MCHJ tashkil qilinadi.
Respublika korxonalarida ishlab chiqariladigan va import qilinadigan suyultirilgan gaz (o‘z shoxobchalarida sotiladigan hajmlardan tashqari) faqat birja savdolari orqali sotiladi.
– Aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beradigan korxonalar mahsulotni birjadan va importdan to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid qiladilar. Bunda “LPG-Trade” MCHJ tomonidan suyultirilgan gazni import qilishga ruxsat berilmaydi, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Do‘stmurod Suvonov. – Natijada aholi ehtiyojlari uchun yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz ta’minoti tizimida islohotlarni amalga oshirish va xususiy sektorni jalb qilish orqali sohada raqobat muhiti bosqichma-bosqich shakllantiriladi hamda kross-subsidiyalash amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi. Islohotlarni amalga oshirish jarayonida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari davlat tomonidan moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlanadi.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrdan boshlab “LPG-Trade” MCHJ tomonidan suyultirilgan gazni birja orqali sotib olib, aholiga yetkazib berish tizimi joriy qilinadi. Bunda xususiy tadbirkorlik sub’ektlari import hisobidan ham aholiga suyultirilgan gaz yetkazib beradi.
Birjaning alohida savdo maydonchasidan xarid qilinadigan suyultirilgan gaz hajmlari aholi ehtiyojlari uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda “LPG-Trade” MCHJ suyultirilgan gazni birjaning ochiq savdolari orqali xarid qiladi. Ijtimoiy soha ob’ektlari ehtiyojlari uchun suyultirilgan gaz bozor tamoyillariga asosan shakllanadigan birja narxlarida mazkur MCHJ tomonidan yetkazib beriladi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri