Aholi salomatligi himoyasi ustuvor vazifa
Bugungi kunda aholi salomatligini asrash, sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Dori vositalarining noqonuniy aylanmasi, ayniqsa, sifati kafolatlanmagan va iste’molga yaroqsiz mahsulotlarning tarqalishiga qarshi kurashish esa o‘ta dolzarb vazifadir.
Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi tezkor vakillari tomonidan qator samarali tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Olot tumani ichki ishlar bo‘limi hamda IJQKD xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy dori vositalari aylanmasiga chek qo‘yildi.

Tezkor tadbirlar davomida oldindan olingan ma’lumotlar asosida shartli xaridor orqali amalga oshirilgan tekshiruvda fuqaro yashash xonadonida 8 turdagi sifati kafolatlanmagan dori vositalarini sotish bilan shug‘ullanayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Keyingi ko‘zdan kechirish jarayonida esa ushbu manzilda yashirin tarzda tashkil etilgan noqonuniy dorixona faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur xonadonda o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida umumiy qiymati 116 million so‘mlik 155 turdagi, jami 7457 dona kontrafakt dori vositalari savdo maqsadida saqlanayotgani aniqlandi. Bu esa mazkur holatning qanchalik xavfli va keng ko‘lamli ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, yana bir holatda Olot tumanida faoliyat yurituvchi dorixonalardan birida farmatsevt xodim tomonidan dori vositalari tegishli retseptsiz sotilayotgani fosh etildi. Aniqlanishicha, u 3 quti (30 dona konvalyuta) dori vositalarini qonun talablariga zid ravishda sotishga uringan.
Keyingi o‘rganishlar jarayonida mazkur dorixonaning savdo rastalari va omborxonasida umumiy qiymati 20 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 48 turdagi 108 quti sifati kafolatlanmagan kontrafakt dori vositalari hamda tibbiyot buyumlari mavjudligi aniqlandi.

Ayni paytda har ikki holat yuzasidan tegishli protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, kontrafakt va sifati kafolatlanmagan dori vositalari aylanmasiga qarshi kurashish nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Fuqarolar ham dori vositalarini faqat litsenziyalangan dorixonalardan, shifokor tavsiyasi asosida xarid qilish orqali o‘z salomatligini himoya qilishi lozim. Zero, salomatlik eng katta boylik, uni asrash esa har birimizning burchimizdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.