Aholi salomatligi doimiy e’tiborda
So‘nggi yillarda mamlakatimizda poliklinikalar va qishloq shifokorlik punktlari faoliyatini yaxshilash, aholiga yaqin joyda sifatli diagnostika va davolash tadbirlarini tashkil etish, davolash muassasalarida elektron tizimlarni joriy etish, zamonaviy uskunalar va sifatli dori-darmonlar bilan ta’minlash, ularning narxini nazorat qilish, sohani moliyalashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish, mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish, xususiy tibbiyot muassasalarini qo‘llab-quvvatlash va sohada raqobatni oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli 4-sonli Oilaviy poliklinika “Qizilqum”, “Tadbirkorlar”, “Ipak yo‘li”, “Navro‘z”, “Navbahor”, “Nauqanbag‘”, “Bes tobe”, “Shodli ovul”, “Jayxun” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Hududlardagi har bir ikki ming nafar aholi soniga bitta brigadadan, jami 18 ta brigadaga bo‘lingan. Ularning har biriga oilaviy shifokor, ikki nafar patronaj, bir nafar amaliyotchi hamda doya hamshira biriktirilgan. Poliklinika bo‘yicha jami 29 nafar shifokor, 18 nafar jarroh, 36 nafar patronaj xodim, 7 nafarpatronaj doya hamda 29 nafar tor mutaxassis tibbiy xizmat ko‘rsatadi. Sog‘liqni saqlash sohasini raqamlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan DMED tizimi bo‘yicha belgilangan vaqtda aholiga tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
– Hukumatimiz tomonidan hozirgi vaqtda birlamchi tibbiy yordamga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi Oilaviy poliklinika bosh shifokori Muborak Aytjanova. – Shuning uchun har yili davolash muassasasini zamonaviy asbob-uskunalar hamda dori-darmonlar bilan ta’minlash yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, poliklinikaga 2024-yilda 1 milliard 200 million so‘mlik raqamli rentgen apparati, fizioterapiya xonalari uchun nerv tomirlari shamollashini davolash maqsadida ultratovush terapiyasi (UTT) apparati hamda osteoxondroz, bo‘g‘imlardagi tuzlarni, tayanch-harakat tizimi kasalliklarini davolashda zarba to‘lqinli terapiya (UVT) apparati bilan birgalikda yangi davolash usullari kiritildi.
2022-yil poliklinikadan 20 kilometr uzoqlikda bo‘lgan “Bestobe” aholi punkti uchun, o‘sha yilning o‘zida “Obod mahalla” dasturi hisobidan “Nauqanbag‘” aholi punkti uchun, 2025-yil dekabr oyida poliklinikaning yangi binolari qurilishi aholining uzog‘ini yaqin qilib, ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda bir qancha qulayliklar yaratildi. Shuningdek, 8-9 kilometr masofada joylashgan “Shodli ovul” aholisi uchun tibbiy xizmatni yaqinlashtirish maqsadida 2022-yildan boshlab ikkita tibbiyot punkt (konteyner) o‘rnatilib, hudud aholisiga xizmat qilib kelmoqda.
Bugungi kunga kelib aholiga tibbiy xizmatni yanada yaxshilash hamda qog‘ozbozlikni kamaytirish maqsadida tibbiyot elektron tarzda ish olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2025-yil 26-dekabrdagi “Elektron tarzda yuritiladigan hujjatlarni birlamchi tibbiyot muassasalarida tasdiqlash to‘g‘risida”gi buyrug‘i asosida mehnatga layoqatsizlik varaqasi, bemorlarga nogironlik guruhini belgilash, bemorlarga shifoxonalarga bepul yo‘llanmalar berish, dori-darmonlarni elektron retsept orqali ta’minlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Dispanser hisobiga olingan bemorlarni uzluksiz 28 nomdagi dori vositasi bilan ta’minlash elektron retsept orqali amalga oshirilib kelinmoqda. Bugungi kunda laboratoriya, ro‘yxatxona, emlash xonasi, har bir oilaviy shifokor, amaliyotchi hamshiralar, patronaj xodimlar, tor soha mutaxassislari elektron ro‘yxat orqali ish olib bormoqda.
Oilaviy poliklinikada hudud aholisi o‘rtasida kasallikning oldini olish maqsadida profilaktik ko‘riklar hamda skrining tekshiruvlari reja asosida muntazam olib borilmoqda. Xususan, 2-10 yosh oralig‘idagi bolalar o‘rtasida gelmintoz kasalligining, 3-18 yoshdagilar o‘rtasida onkogematologik kasalliklarning, 40 yosh va undan katta yoshdagilar o‘rtasida yurak qon-tomir kasalliklarining xavfini aniqlash, 35-55 yoshdagi ayollar o‘rtasida bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olish, 45-65 yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi saratoni kasalligining oldini olish maqsadida Skrining tekshiruvlari o‘tkazilmoqda.
[gallery-27761]
Oilaviy poliklinikada o‘z ishining ustasi bo‘lgan xodimlar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shular qatorida oilaviy shifokor Ra’ya Sultonova hudud aholisi o‘rtasida hurmat bilan tilga olinadi. 23 yildan buyon ushbu sohada samarali mehnat qilib kelayotgan u orttirgan tajribasi va ishga sadoqati tufayli yuzlab insonlarning salomatligini tiklashga hissa qo‘shdi. Bugungi kunda esa u nafaqat yetuk malakali shifokor, balki yosh mutaxassislarning sevimli ustozi darajasiga yetdi.
Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar birinchi navbatda aholi salomatligini mustahkamlash, tibbiy xizmat sifatini oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, shu bilan birga, birlamchi tibbiy yordamni yaxshilash, sohani raqamlashtirish, xavfsiz dori-darmon ta’minotini amalga oshirish va malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.