Aholi murojaatlariga yechim izlandi
Xovos tumanida O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida tashkil etilgan sayyor qabul aholini qiynayotgan muammolarni joyida hal etishga xizmat qildi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda fuqarolarning turli sohalarga oid murojaatlari tinglanib, ularga amaliy yechim topish choralari ko‘rildi.
Sayyor qabulda Senator, O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi Pokiza Ahmedjanova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gavhar Olimova, partiyaning viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, Xovos tumani hokimi Qomus Yuldashev hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbir davomida aholidan jami 135 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning asosiy qismi tibbiyot, ta’lim, elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz ta’minoti, chiqindilarni olib chiqish va ijtimoiy yordam masalalariga to‘g‘ri keldi.
Murojaatlarning 70 tasi shu joyning o‘zida ijobiy hal etildi. Qolgan masalalar yuzasidan esa mutasaddi tashkilotlar mas’ullariga tegishli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.

Tadbirda aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, bitiruvchi yosh mutaxassislarni hududlarga jalb qilish hamda ular uchun munosib shart-sharoit yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
So‘zga chiqqanlar bunday sayyor qabullar aholi bilan muloqotni kuchaytirish, odamlarning dardu tashvishlarini o‘rganish va muammolarni joyida hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar.
G‘ulom Primov, O‘zA