Aholi murojaatlari eshitildi
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanida tashkil etildi. Unda aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish, murojaatlarga joyida yechim topish hamda fuqarolar bilan ochiq muloqotni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirda O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi apparat rahbari Shohista Bozorboyeva, Sardoba tumani hokimi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Ziyodulla Karimov, partiyaning Sardoba tuman Kengashi raisi Alisher Egamberdiyev hamda tegishli idora va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishdi.

Sayyor qabul davomida fuqarolardan jami 162 ta murojaat kelib tushdi. Ularning aksariyati ta’lim, sog‘liqni saqlash, kadastr, ichimlik suvi ta’minoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kabi dolzarb masalalarga oid bo‘ldi. Har bir murojaat mas’ullar ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, qonunchilik doirasida ko‘rib chiqildi.
Quvonarlisi, murojaatlarning 57 tasiga qabul jarayonining o‘zida amaliy yechim topildi. Qolgan masalalar yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha aniq muddat va mas’ullar belgilab olindi.

Sayyor qabul nafaqat murojaatlarni qabul qilish, balki hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga doir muhim taklif va tashabbuslarni muhokama qilish maydoniga ham aylandi.

Xususan, aholi bandligini ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, mehnat bozori uchun raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yosh mutaxassislarni hududga jalb etish hamda ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratish masalalari yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

— Bugun odamlarning dardini eshitish, ularning muammolariga befarq bo‘lmaslik har bir rahbar va mas’ulning eng muhim vazifasidir. Sayyor qabullar orqali fuqarolar bilan bevosita muloqot qilib, ularni qiynayotgan masalalarga joyida yechim topishga harakat qilmoqdamiz. Chunki har bir murojaat ortida inson taqdiri, oilaning orzu-umidi mujassam. Biz uchun eng katta natija murojaatlar soni emas, balki hal etilgan muammolar va odamlarning roziligidir. Xalqning ishonchi va roziligi doimiy muloqot, amaliy ishlar va aniq natijalar orqali ta’minlanadi. Uylaymanki, bugun biz xalq bilan, ularning dardi va tashvishlari bilan birga ekanimizni yana bir bor amalda namoyon etdik. Xalq bilan birga bo‘lish — bu shunchaki shior emas, balki inson taqdiri uchun mas’uliyatni his qilish demakdir. Biz xalqning orzu-umidlari va ishonchini oqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni izchil davom ettiramiz, — dedi Shohista Bozorboyeva.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri