Agrar sohada moliyaviy qo‘llab-quvvatlash samaradorligi oshiriladi
“Agrar sohada moliyaviy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirish va tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-354-son, 28.09.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi subsidiyalar ajratiladi:
– 2026-yil hosilida paxta xomashyosining har bir tonnasi uchun (4 va 5-navli paxta bundan mustasno) 500 ming so‘mdan;
– 2026-yilda o‘ziga biriktirilgan yer maydonlarida paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular ta’sischi bo‘lgan korxonalarga paxta yetishtirilgan har bir gektar yer maydoni uchun 1,5 million so‘mdan;
– 2027–2029-yillarda chorvachilik xo‘jaliklariga asosiy maydonlarda ozuqa ekinlari yetishtirilgani uchun har bir gektar ekin maydoniga Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligining xulosasiga asosan yillik 500 ming so‘m miqdorida;
– 2026-yil 1-oktabrdan 2027-yil 1-iyunga qadar tadbirkorlik sub’ektlariga sovitilgan mol va qo‘y go‘shtini import qilishda, har bir kilogramm go‘sht uchun 2,5 ming so‘m miqdorida.
2027-yil 1-yanvardan boshlab 2028-yil 1-yanvarga qadar huquqiy tajriba tariqasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarning suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha “Natijaviy subsidiya” tizimi asosida ajratish tartibi joriy etiladi.
Bunda, subsidiya miqdori uni oluvchining xarajatlari bilan bir qatorda hosildorlik, mahsulot sifati va boshqa natija ko‘rsatkichlari asosida belgilanadi.
Uch yil davomida sug‘urta hodisasi kuzatilmagan qishloq xo‘jaligi korxonalariga to‘rtinchi yildan boshlab sug‘urta mukofotiga 10 foizdan 20 foizgacha chegirma berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, sug‘urta mukofotlarining 3-5 foizi ogohlantiruvchi tadbirlar zaxirasiga yo‘naltiriladi.
O‘zA