“Afsonalar vodiysi” betakror va maftunkor
Namangan shahriga ko‘rk bag‘ishlayotgan “Afsonalar vodiysi” madaniyat va istirohat bog‘i keyingi yillarda nafaqat, viloyat, balki Farg‘ona vodiysining o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylandi.
2018 yilning 2-3 may kunlari hamda 2019 yilning 28 fevral – 1 mart kunlari Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashriflari chog‘ida ushbu bog‘ loyihasi bilan tanishib, tegishli ko‘rsatmalar hamda tematik istirohat bog‘iga “Afsonalar vodiysi”, deya nom bergan edi.

155 gektar maydonni egallaydigan ushbu ko‘ngilochar tematik parkda “Namangan istiqlol bog‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 123 million AQSH dollariga teng loyihalar amalga oshirildi. Bu borada “O‘zilliybank” tomonidan ajratilgan 12 million AQSH dollari miqdordagi kredit mablag‘i belgilangan ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Ushbu dam olish va istirohat maskanidagi attraksionlar, 2400 o‘ringa mo‘ljallangan amfiteatr, yetti turdagi suv attraksioni, 16 havzali basseyn, 10 ta xizmat ko‘rsatish va 5 ta texnik bino, ikkita zamonaviy sun’iy sharshara va musiqali favvoralar, 800 mijozga xizmat ko‘rsatuvchi uchta restoran, 112 ta do‘konni o‘z ichiga olgan ikki qavatli savdo-sayilgoh ko‘chasi, 1800 o‘rinli ikkita avtoturargoh tashrif buyuruvchilarning barcha ehtiyojlarini qondirish imkonini beradi. Zamonaviy sharshara, musiqali favvora, kanal, ko‘l ob’ektlari esa majmuaga ko‘rkamlik baxsh etadi.

Bog‘ hududiga yaqin joyda barpo etilgan bir vaqtning o‘zida 15 ming kishini sig‘dira oluvchi jome’ masjid musulmon vatandoshlarimiz uchun chinakam tuhfa bo‘lganligini alohida ta’kidlash joiz.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 16 sentyabrdagi “Namangan shahrida zamonaviy madaniyat va istirohat bog‘ini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan sobiq Mashrab bog‘i o‘rnida barpo etilayotgan o‘ziga xos dam olish maskanimizda “O‘zmilliybank” bilan hamkorlikdagi istiqbolli loyihalar davom ettirilmoqda, – deydi “Afsonalar vodiysi” bog‘i direktori o‘rinbosari Ibrohim Mamatqulov. – bugungi kunda 1 ming nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qilayotgan bog‘da yangi maskanlar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 2022 yilning mart oyiga park hududida Nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi yirik uch qavatli hunarmandlar markazi, 400 o‘ringa mo‘ljallangan mehmonxona va 100 o‘rinli turar-joy “villa”lari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Afsonalar vodiysi” tematik parkida dam oluvchilar, turistlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilib, turli attraksion o‘yinlar, manzarali daraxt va ko‘chatlar ekilib, sof ekologik muhit yuzaga keltirildi. Qolaversa, ajib xiyobon Namanganda turizm salohiyatini yuksaltirish asnosida viloyatga sayyohlar oqimini ko‘payishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda. E’tiborlisi shundaki, fusunkor bog‘ so‘lim va xushmanzara bo‘lib, shahar mikroiqlimi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA