“Afrosiyob” – Samarqand tarixi ko‘zgusi
Uzoq o‘tmishimiz, boy madaniyatimiz aks etgan noyob arxeologik eksponatlar to‘plangan “Afrosiyob” muzeyi Samarqand shahri tarixi ko‘zgusi sifatida alohida ahamiyatga ega. Xalqimiz ma’naviy olamining bebaho durdonalari joy olgan maskan zamonaviy qiyofada tashrif buyuruvchilarga o‘z bag‘rini ochmoqda. Koreyalik mutaxassislar ishtirokida amalga oshirilgan restavratsiya ishlaridan so‘ng yangi mazmun bilan boyigan muzey o‘zgacha qiyofa kasb etdi.
O‘zbekiston va Koreya Respublikalari Prezidentlarining 2021-yil 28-yanvar kuni o‘tkazilgan onlayn sammitida ikki davlat o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalardagi aloqalarni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan edi. Shu asosda Koreya Respublikasi Madaniy meros administratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi o‘rtasida Ipak yo‘li madaniy merosini tadqiq etish va saqlashga doir memorandum imzolangandi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Buyuk ipak yo‘li madaniy merosining saqlanishi va tadqiq etilishi bo‘yicha ma’lumot hamda ko‘nikma almashinuvi edi. Ayni hujjat asosida amalga oshirilgan loyiha doirasidagi “Afrosiyob” muzeyi restavratsiyasi uchun 290 ming AQSH dollari ajratildi. Ushbu mablag‘ning 200 ming dollari muzeyning birinchi qavatidagi ko‘rgazmaning reekspozitsiyasiga, qolgan qismi muzey ta’miriga sarflandi.
Loyihaning yakunlanganligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimda O‘zbekiston Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev, viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, Oliy Majlis Senati a’zosi Farmon Toshev, Koreya Madaniy meros administratsiyasi Madaniy merosdan foydalanish boshqarmasi boshlig‘i Che Su Xe va boshqalar so‘zga chiqib, o‘zaro hamkorlik aloqalari qadimiy ildizlarga ega ekanligini alohida ta’kidlashdi. Shu bois ikki davlat hamkorligi barcha sohalarda izchil davom etayotganligi qayd etildi.
– O‘zaro hamkorligimiz ajdodlarimiz tomonidan 1400-yil oldin boshlab berilgan va bizning bugungi sa’y-harakatimiz tufayli avlodlarimiz ming yillardan keyin ham bu haqda faxr-iftixor bilan eslashadi, – deydi Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bosh konsuli Kuk Jang Xyun. – Shunday ekan, biz barcha sohalarda hamkorlikni rivojlantirish tarafdorimiz. Samarqand tarixini o‘rganish, tadqiq etish borasidagi samarali hamkorligimiz bundan keyin ham ham davom etadi.
[gallery-16386]
Yangilangan muzey zallaridagi ko‘rgazmalar ham alohida yondashuv asosida bo‘limlarga ajratildi. Unga ko‘ra, 1-bo‘lim – XIX asrning oxiri – XXI asr boshlarida qadimgi Samarqand shahrida olib borilgan arxeologik qazishmalar tarixi, 2-bo‘lim – Samarqand miloddan avvalgi VII-IV asrlarda, 3-bo‘lim – Samarqand ellenizm va yunon-baqtriya davrlarida (miloddan avvalgi III – II asrlar), 4-bo‘lim – Shahar va qadimgi ko‘chmanchilarning madaniy aloqalari (II asr – V asrning o‘rtalari), 5-bo‘lim – So‘g‘diyonaning oltin davri (VI – VII asrlar.) deb nomlandi.
– Muzeyimizda amalga oshirilgan yangilanish turizmni rivojlantirish, turistlar oqimini oshirishga xizmat qiladi, — deydi muzey direktori Samariddin Mustafoqulov. – Chunki, muzeyimizning asosiy eksponatlari qadimiy Samarqand – “Afrosiyob” arxeologik shaharchasida amalga oshirilgan qazishmalar davomida topilgan noyob ashyolar hisoblanadi. Samarqand dunyo ahli e’tiborini qanchalik o‘ziga rom etgan bo‘lsa, muzeyimiz ham uning eng muhim diqqatga sazovor joylaridan biriga aylangan. Albatta, Samarqandga tashrif buyurgan har qanday sayyoh uning tarixiga qiziqadi. Muzeyimizda shaharning qadimdan jahon tarixidagi yuksak mavqei, unga qo‘shni xalqlar bilan bo‘lgan madaniy, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy aloqalari zamonaviy yondashuvlar asosida yoritiladi. Muzeyning 1-qavatida joylashgan ko‘rgazmaning kapital reekspozitsiya qilinishi, albatta, sayyohlarga manzur bo‘ladi.
So‘g‘d hukmdori (ixshidi) Varxuman saroyidagi “Elchilar xonasi” devoriy suratlari, ossuriylarga tegishli qadimgi qilich bo‘laklari va boshqa maishiy buyumlar hamda shahar tarixiga oid turli davrlar madaniy hayotidan so‘zlovchi osori-atiqalar har qanday kishini o‘ziga rom etadi. Eng muhimi, bu eksponatlar yangicha talqinda, o‘ziga xos tarzdagi ranglar uyg‘unligida yanada ta’sirli namoyon bo‘ladi.
G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari