Afg‘oniston delegatsiyasi “Iftixor kiyim sanoati” korxonasi faoliyati bilan tanishdi
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda bo‘lib turgan Afg‘oniston hukumati sanoat va savdo vaziri Nuriddin Aziziy boshchiligidagi delegatsiyaning navbatdagi manzili Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Iftixor kiyim sanoati” korxonasi bo‘ldi.
Mazkur korxona viloyatdagi yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Bu yerda yiliga qiymati 50 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 20 ming tonna paxta xomashyosi qayta ishlanib, kalava holiga keltiriladi hamda bosqichma-bosqich tayyor mahsulot ishlab chiqariladi.
Faoliyat boshlanganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramasdan, korxona mahsulotlari Misr, Turkiya, Rossiya, Eron, Polsha, Suriya va Xitoy kabi davlatlarga eksport qilinib, o‘z xaridorini topgan. Shuningdek, Yevropa brendlari bilan ham samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
[gallery-28912]
Korxona klaster tizimi asosida faoliyat yuritib, ixtiyorida 1000 gektar paxta maydoni mavjud. Shu bilan birga, viloyat bo‘yicha 200 ta fermer xo‘jaligidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri paxta xomashyosi qabul qilinadi.
Mehmonlar korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilgan ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
Tashrif yakunida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan ikki tomon takliflari muhokama qilindi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA