Advokatlar Samarqandga sayohat qildi
Toshkentda boʻlib oʻtgan “Advokatura institutini rivojlantirish: Oʻzbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari Samarqandga tashrif buyurib, koʻhna kentning tarixiy obidalari, aziz qadamjolari bilan tanishdi.

- Samarqandga bundan 25 yil avval kelgan edim, - deydi Qirgʻizistonning Oʻsh viloyati advokatlar kollegiyasi vakili Ravshan Sadirev. – Xalqaro konferensiya sabab oradan shuncha vaqt oʻtib yana Samarqandni ziyorat qilish nasib etdi. Shaharning bugungi koʻrku tarovati men avval koʻrgan Samarqanddan butunlay farq qiladi. Boqiy shahar oʻz nomiga munosib boʻlib taraqqiy etib bormoqda. Tarix va bugun oʻziga xos tarzda mujassam boʻlgan Samarqand kishiga oʻzgacha xushkayfiyat, kuch-quvvat bagʻishlaydi. Bu shaharning betakror tabiati va albatta, bu yerda abadiy qoʻnim topgan buyuk allomalarning ruhiy quvvatidan boʻlsa kerak. Shu oʻrinda xalqaro konferensiya samarali oʻtganligini alohida taʼkidlab oʻtishim lozim. Oʻzbekistonning advokatura sohasida amalga oshirayotgan islohotlari, tajribasi oʻrganishga arziydi. Biz uchun eng muhimi, konferensiya doirasida oʻzaro tajriba almashish boʻyicha hamkorlikni amalga oshirishga kelishib oldik.